Inhalt
Odamlar gapni yaxshi ko‘radi. Ayniqsa, o‘ziga aloqasi bo‘lmagan, birov haqida bo‘lgan xabarlar. Bir marta kimdir bir odam haqida “u bunaqa” deb aytadi. Gapning aslida qayerdan chiqqani noma’lum shaxsiy adovat bilanmi, emotsionalmi. Ammo u bir zumda quloqlardan quloqlarga virusdek sakrab o‘tadi. Va nihoyat, barchaning ongida “haqiqat”ga aylanadi. Bu — odamzodning eng qadimiy odatlaridan biri. Qadimda salbiy xabarlar asosan hayot-mamot masalasida edi. “Tog‘ ortida yirtqich bor” degan gapni eshitgan odam tekshirishga vaqt sarflamasdi — chunki ehtimol bu uning hayotini saqlab qolardi. Ammo bugun oldindan bilib bo'lmaydigan yirtqichdek hayot mamotni havfga qo'yadigan yo‘q. Endi uning o‘rnida mish-mish bor. Bu safar u odamning jonini emas, obro‘sini yutib yuboradi. Psixologlar bunga negativity bias deydi: yomon xabar miyamizga tezroq kiradi va chuqurroq joylashadi. Yana confirmation bias ham bor: agar gap bizning oldindan shakllangan fikrimizga mos kelsa, uni tekshirishga hojat sezmaymiz. Va horn effect — birgina salbiy taassurot odamning butun obrazini qora rangga bo‘yash odati. Eng achinarlisi shundaki, bu jarayonda “ayblanuvchi” odatda o‘zini oqlash imkoniga ega bo‘lmaydi. Mish-mish tez, haqiqat sekin yuradi. Bir odamni yomon qilish uchun bir og‘iz so‘z yetarli, ammo uni oqlash uchun oylar, hatto yillar kerak bo‘ladi. Bir kuni bir mahallada obro‘li, halol deb tanilgan bir inson haqida gap chiqdi: “U davlatning molini o‘g‘irlagan emish”. Hech kim bu gapni qayerdan chiqqanini so‘ramadi. Bir haftada uning ishi, do‘stlari, obro‘si ketdi. Keyin bilishdiki, bu mish-mishni aytgan odamning shaxsiy adovati bor ekan. Ammo kech bo‘lgandi. Siyoh allaqachon suvga tushib bo‘lgandi. Haqiqat jim bo‘ladi, mish-mish esa Shovqinli. Bizning vazifamiz — jim turgan haqiqatni tinglashga kuch topish. Chunki eshitganimizning hammasi haqiqat emas, lekin tekshirmaganimizning hammasi adolat emas. Shunday ekan, qulog‘imizga kelgan har bir gapga ikki savol beraylik: “Bu qayerdan keldi?” va “Men buni tekshirdimmi?”