TGTGInsighttelegram-intelligenzLIVE / telegram public index
← Kuchsizlar kuchi
Kuchsizlar kuchi avatar

TGINSIGHT POST

Post #148

@kuchsizlarningkuchi

Kuchsizlar kuchi

Ansichten295Anzahl der Ansichten
Gepostet9. Feb.09.02.2026, 15:00
Beitragsinhalt

Inhalt

Sukut bilan boshlangan yovuzlik Vatslav Havel bir oddiy odam haqida yozadi. Do‘kondor. U har tong ishga kelib, vitrinasiga bir shior ilib qo‘yadi. Bu shiorga u ishonmaydi. Hatto ichida kulib ham qo‘yadi. Ammo baribir iladi. Chunki shunday qilish kerak. Chunki ilmasa, savollar bo‘ladi. Tinchlik buziladi. Hayot qiyinlashadi. U odam yomon emas. U hech kimni urmaydi, haqorat qilmaydi, zulm qilmaydi. U shunchaki yashashni xohlaydi. Lekin aynan shu sokin, bezarar ko‘ringan harakat bilan u yolg‘onga xizmat qila boshlaydi. U o‘zini oqlaydi: “Men qaror chiqarmadim, faqat qoidaga bo‘ysundim”. Shu joyda eng xavfli narsa tug‘iladi — inson o‘z vijdonini chetga suradi. Hermann Hesse “Cho‘l bo‘risi”da bu holatning ichki sababini ko‘rsatadi. Inson o‘zini bitta, yaxlit, mustahkam “men” deb tasavvur qilishni xohlaydi. Chunki bu qulay. Chunki ichimizdagi qarama-qarshi ovozlarni eshitish og‘ir. Bir tomonda rahm, bir tomonda qo‘rquv. Bir tomonda haqiqat, bir tomonda tinchlik istagi. Shuning uchun odam o‘ziga bitta niqob tanlaydi: “men shunaqaman”. Shu niqob ostida u yashaydi, ishlaydi, hukm qiladi. Ichidagi boshqa ovozlar esa asta-sekin jim bo‘lib boradi. Inson o‘zini soddalashtiradi. Va shu soddalik bilan u ba’zan juda og‘ir ishlarni ham “burch” deb bajaradi. Buni eng og‘riqli shaklda Pontiy Pilat misolida ko‘ramiz. U aqlli odam. U Yeshuaning aybsizligini tushunadi. Yuragi bilan sezadi. Ammo u prokuror. Uning lavozimi bor. Uning qo‘rquvi bor. Va u shunday qarorga keladi: “Men hukm qilmayapman, men faqat qonunni bajaryapman”. Pilat qotil emas. U yovuzlikdan zavqlanmaydi. Lekin aynan shu “faqat vazifamni bajardim” degan fikr bilan u o‘zini odamlikdan ayiradi. Chunki u haqiqatni bilib turib, unga qarshi chiqmaydi. Natijada eng dahshatli narsa yuz beradi: jinoyat sodir bo‘ladi, lekin hech kim o‘zini aybdor his qilmaydi. Mana shunday yovuzlikni Hannah Arendt “oddiy yovuzlik” deb ataydi. Bu yovuzlik qichqirmaydi. Qonli qo‘l bilan kelmaydi. U tartibli, sokin, hujjatlar orasida yashaydi. Uni oddiy, halol ko‘ringan odamlar amalga oshiradi. Havelning do‘kondori, Hesse’ning cho‘l bo‘risi va Bulgakovning Pontiy Pilati aslida bir savol oldida turibdi: ichki haqiqatmi yoki tashqi tinchlikmi? Va ko‘pchilik ikkinchisini tanlaydi. Eng katta fojea shundaki, inson yovuzlikni qilayotganda o‘zini yovuz deb his qilmaydi. U o‘zini mas’ul emas deb biladi. “Mendan katta tizim bor”, deydi. “Men kichik odamman”, deydi. Lekin tarix aynan shunday “kichik odamlar” orqali yoziladi. Inson ichidagi haqiqatni o‘chirgan zahoti, u yengil tortadi. Hayot osonlashadi. Ammo shu osonlik evaziga u sekin-asta o‘zligini yo‘qotadi. Ba’zan eng to‘g‘ri yo‘l — eng bezovta yo‘ldir. Ba’zan inson bo‘lib qolish — tinch yashashdan qimmatroq turadi. Lekin aynan shu narx — insonni inson qilib turadigan yagona narsadir.