Inhalt
Tezlik - yangi valyuta. Maykl Lyuisning “Flash Boys” kitobi haqida. Afsuski, kitob hali o‘zbek tiliga tarjima qilinmagan. Rus tilida “Flash Boys: Высокочастотная революция на Уолл-стрит” deb nomlanadi. Haqiqatan ham, asar o‘z nomiga mos. Kitob Uoll-Stritdagi yuqori chastotali savdo (HFT - high-frequency trading) texnologiyalarining rivojlanishi va qanday qilib moliya dunyosida muhim o‘yinchiga aylanganini hikoya qiladi. Voqealar markazida Bred Katsuyama ismli treyder turadi. U AQShning eng yirik bankida ishlayotgan paytida qiziq bir fenomenga duch keladi. 2008-yilgacha AQShda aksiyalar brokerlar (vositachilar) yordamida jonli ravishda yoki telefon orqali sotilgan. 2009-yildan boshlab, Bozordagi narxlar internetga "jonli" ravishda uzatila boshlangan. Shundan so‘ng aksiyalar vositachilarsiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri birjaning sayti orqali sotila boshlangan. Lekin "jonli" uzatish tushunchasida bir kichik "detal" bor edi. Bred shu detalga e'tibor berib qoladi. Aksiya yoki valyutani birja sayti orqali sotib olmoqchi bo‘lgan odam “sotib olish” tugmasini bosgandan keyin tranzaksiya 0.01 sekund davomida amalga oshadi. Juda tez tuyilishi mumkin lekin tugma bosilgan paytda narx $10.14 bo‘lgan bo‘lsa, kichik vaqt oralig‘ida aksiya narxi $10.13 ga tushib qolish holatlari ham kuzatilinadi. Ekranda $10.14 ko‘ringaniga qaramay, sotib olish jarayoni tugaguncha 0.01 soniya ichida asl narxi o‘zgaradigan aksiyalar minglab ekanligini sezib qoladi. Vaqt o'tishi bilan Katsuyama bu operatsiyalarni investitsion banklar o‘zlari amalga oshirayotganini va aksiyalar narxi sotilishdan oldin atayin tushirilayotganini aniqlaydi. Ya'ni, $10.14 qiymatli aksiya narxini 1 tsentga tushirib, shu 1 tsentni FinTech banklar o‘zlariga oladi. Ular bu jarayonni murakkab dasturlar yordamida million martalab takrorlaydi va kun davomida shu firib orqali katta daromad qiladilar. Bred bozorda HFT texnologiyalariga ega banklar nohaq o'yin o'tkazayotganini sezgach, katta banklarga qarshi o'z tizimini yaratishga kirishadi. Biroq, buning natijasida Bred juda ko'p qudratli dushmanlar orttiradi. Shu kabi mikrosoniyaviy firib-chayqovchilik ortidan milliardlab dollar ishlab olganlarni Lyuis hazil tariqasida "Flash Boys", ya'ni "uchar yigitlar" deb nomlaydi. Asar keyinchalik yanada jadal rivojlanib, qahramonning taqdiri qaysi tomonga o‘zgarganini ko‘rsatadi. Katta moliyaviy institutlar qanday qilib ma'lumotlar manipulatsiyasi orqali oddiy odamlarni aldashi va bozorni o‘z manfaatlari yo‘lida boshqarishi yozilgan ajoyib kitob. @req404