Post content
Platonning – G‘or allegoriyasi Tasavvur qiling, bir guruh odamlar bolalikdan boshlab chuqur bir g‘or ichida yashaydi. Ular oyoq-qo‘llari va bo‘yinlaridan zanjirlangan bo‘lib, faqat oldinga qaray olishadi. Orqalarida katta olov yonib turadi. Bu olov va ular o‘rtasida esa turli narsalarni ko‘tarib yuradigan odamlar bor. Lekin g‘orda yashovchilar faqat devorga tushayotgan soyalarni ko‘rishadi va ularni haqiqiy narsa deb o‘ylashadi. Ular uchun soyalarning dunyosi yagona haqiqatdir. Ular bir umr shunday yashashgan, shuning uchun bu haqiqat ekaniga shubhalari yo‘q. Lekin bir kuni mahbuslardan biri tasodifan ozod bo‘lib qoladi. Avvaliga u orqaga qarab, olovni va uning oldidagi haqiqiy narsalarni ko‘rib, hayratda qoladi. Boshida ko‘zlari qorong‘ulikka o‘rganganligi uchun nur unga og‘riq keltiradi, lekin asta-sekin u haqiqiy narsalarni tushunib yetadi. Keyin u g‘ordan tashqariga chiqadi va quyoshni ko‘radi. Avval boshida u ko‘rolmaydi, chunki yorug‘lik uning ko‘zlarini qamashtiradi. Lekin asta-sekin u dunyoni asl shaklida ko‘ra boshlaydi: haqiqiy daraxtlar, hayvonlar, osmon va quyoshni. Shunda u tushunib yetadi: soyalar yolg‘on bo‘lib, haqiqiy dunyo g‘ordan tashqarida ekan. Bu mahbus o‘zining eski do‘stlari oldiga qaytishni xohlaydi. Ularni ogohlantirish va haqiqatni ko‘rsatish uchun. Ammo u g‘orga qaytganida, ichkaridagi zulmat ko‘zlariga ta’sir qilib, u avvalgidek aniq ko‘ra olmay qoladi. G‘ordagilar esa bundan kulishadi va unga ishonishmaydi. Ular uni ahmoq deb o‘ylashadi va hatto unga qarshi chiqishadi, chunki ular soyalar bilan yashashga o‘rganib qolgan va haqiqat ularga yoqmaydi.