Post content
#rasmiy_xabar Qadrli iste’molchilar, so‘nggi kunlarda elektr ta’minotidagi uzilishlar va ular bo‘yicha yetarlicha tezkor va ochiq axborot berilmayotgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda kelib tushgan e’tirozlarni inobatga olgan holda, Energetika vazirligining shu yo‘nalishi bo‘yicha mas’uli sifatida uzr so‘rayman. Haqiqatdan ham, ob-havoning keskin o‘zgarishi, yog‘ingarchilik va kunlarning sovushi natijasida infratuzilmada bir qator nosozlik holatlari qayd etildi. Ammo qanday sharoit bo‘lishidan qat’i nazar, aholini o‘z vaqtida xabardor qilish — bizning bevosita vazifamiz. Mas’uliyatni olib, Telegram tarmog‘idagi kanalimda rejali uzilishlar, rejadan tashqari avariya holatlari, tiklash jarayoni, qisqa vaqt ichida berilgan choralarni rasmiy va tezkor tarzda e’lon qilib borilishini ma’lum qilaman. Kanaldagi ma’lumotlar dispetcherlik xizmati va 24/7 operativ shtab bilan sinxron bo‘ladi. Shikoyat va murojaatlar uchun ikki tomonlama kommunikatsiya yo‘li ochiladi. Elektr energiyasi — bu hayotimizdagi muhim resurs, xavfsizlik, issiqlik, bolalarimiz salomatligi, tadbirkorlar, umuman barchamizning kundalik zaruriy ehtiyojimiz. Shunday ekan, aholining e’tirozi — haqli. Energetika tizimida xizmat qilayotgan minglab mutaxassislar o‘z vazifasini sovuq ob-havoda bajarayotgani albatta muhim, ammo aholini xabardor qilish — ish jarayonida fidoyilik bilan birga yuradigan kommunikatsiya mas’uliyatidir. Biz tanqidni eshitdik, xulosa chiqarib bor imkoniyatlarimizni ishga solamiz. Energetika vazirining matbuot kotibi Kanalimizga aʼzo bo‘ling👇 @minenergy_uz