Isi
Urgut tumanida hokim yordamchisi va advokatga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi Urgut tuman tibbiyot birlashmasida aniqlangan 61 million so‘mlik kamomad bo‘yicha prokuratura organlari tomonidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov jarayonida tumandagi mahallalardan birida faoliyat yurituvchi hokim yordamchisi ushbu jinoyat ishi bo‘yicha gumonlanuvchilardan birining ishini tanishlari orqali “ijobiy hal qilib berish” evaziga 2 500 AQSh dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan qo‘lga olingan. Aniqlanishicha, hokim yordamchisi bu pullarni mahalliy advokatlik byurosi advokatiga berishi kerak bo‘lgan, shundan so‘ng tezkor tadbir davom ettirilib, advokat ham 2 500 AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, advokat mansabdor tanishlari orqali jinoyat ishining gumonlanuvchiga oid qismini JPKning 84-moddasi asosida tugatib berishni va’da qilgan. Hozirda hokim yordamchisi va advokatga nisbatan Jinoyat kodeksining 168 hamda 28, 211-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. 🔰Telegram | Instagram | You Tube