Isi
Samarqandning ma’muriy markazi Shirin massiviga ko‘chirilishi mumkin Samarqand viloyatida ma’muriy boshqaruv tizimini takomillashtirish va shaharsozlikni zamonaviy talablarga moslashtirish maqsadida ma’muriy markazni Shirin massiviga ko‘chirish bo‘yicha taklif ishlab chiqilmoqda. Bu haqda viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboev xalq deputatlari viloyat Kengashining yigirmanchi sessiyasida joriy yilning to‘qqiz oyida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarga bag‘ishlangan ma’ruzasida ma’lum qildi. Rejaga ko‘ra, loyiha birinchi bosqichda 100 gektar hududda qurilish ishlarini boshlashni o‘z ichiga oladi. Shirin massivi qulay geografik joylashuvi, infratuzilmani kengaytirish imkoniyatining mavjudligi va transport tizimini yengillashtirishdagi ahamiyati bilan ajralib turadi. Yangi ma’muriy markazning barpo etilishi natijasida davlat idoralari uchun yagona boshqaruv hududi shakllanadi, aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlar sifati oshadi va ularga qulayliklar yaratiladi. Loyiha doirasida hokimlik, bir qator boshqarma va tashkilotlar binolari, xizmat ko‘rsatish markazlari, jamoat maydonlari hamda zamonaviy ijtimoiy infratuzilmalar qurilishi rejalashtirilgan. 🔰Telegram | Instagram | You Tube