Isi
Samarqandda turizm ko‘chasini tashkil etish ishlari boshlandi Samarqand shahrida Ibn Xoldun ko‘chasini zamonaviy va konseptual “Asian World” turizm ko‘chasiga aylantirish bo‘yicha amaliy ishlar boshlandi. Bu haqda Samarqand shahar hokimligi Axborot xizmati ma’lum qildi. Loyiha shahar turistik infratuzilmasini rivojlantirish, sayyohlar uchun yangi va jozibador maskan yaratish hamda Samarqandning xalqaro turizm imijini mustahkamlashga qaratilgan. Loyiha doirasida ko‘cha hududi Osiyo davlatlariga xos yagona me’moriy va dizayn konsepsiyasi asosida qayta tashkil etiladi. Xususan, piyodalar yo‘laklari, tashqi yoritish tizimi, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, dam olish zonalari hamda ko‘cha bezaklari Osiyo mamlakatlarining milliy uslublari uyg‘unligida zamonaviy yechimlar asosida jihozlanadi. Shuningdek, turizm axborot vositalari, yo‘naltiruvchi belgilar va foto zonalar tashkil etilishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, loyiha doirasida 24/7 rejimida faoliyat yuritadigan gastronomik ko‘cha tashkil etilib, unda Osiyo mamlakatlarining milliy taomlari zamonaviy servis asosida taqdim etilishi ko‘zda tutilmoqda. 🔰Telegram | Instagram | You Tube