Contenuto
“Dasturchi bo’lmasam o’zimni judayam yomon his qilaman...” Kichik yoshidan IT sohasiga qiziqadigan navbatdagi qahramonimiz 13 yoshli dasturchi Nuraziz Narzikulov. Nuraziz bugungi kunda Sirdaryo viloyati hokimligi uchun murojaatlar portalini yaratmoqda. U dasturlar yaratish va ularni sotish bilan shug‘ullanadi. Nuraziz qiziqishi ortidan IT sohasida faoliyat yuritayotgan juda ko‘pchilik bilan tanishgan. 📹Uning GITA dasturchilar akademiyasi asoschisi Qudrat Abduraximov bilan o‘tgan suhbatidagi mana shu 1 daqiqa e’tiborimizni tortdi. Odatda bunday yoshda bolalarning biror sohaga mehr qo‘yishi juda qiyin. Biroq Nurazizdagi kuchli istak uni maqsadiga erishtirishi shubhasiz. Nurazizning dasturlashga bo‘lgan qiziqishi 6-sinfda maktablarda darslar onlayn formatga o‘tgan paytda boshlangan. O’shanda Nurazizning onasi unga ilk telefonini olib bergandi. Nuraziz qo‘lidagi telefon yordamida Youtubedan dasturlashni o‘rgana boshlagan. Onasi o‘g‘lidagi qiziqish ortidan uning dasturlashni o‘rganishi uchun Boyovutdan Shirin shahriga ko‘chishga qaror qilgan. Bu yerda Nuraziz IT markazga qatnab, darsdan bo‘sh vaqtida dastur yaratish imkoniyatiga ega bo‘lgan. Nurazizning dasturlashga bo‘lgan qiziqishi haqida onasi shunday deydi: “O‘g‘lim o‘sha paytdan meni dasturlashga o‘qiting deb yig‘lardi, biroq o‘g‘limni mustaqil o‘qitishga imkoniyatim bo‘lmagan. Shirindagi IT yoshlar markazida Nuraziz kompyuter savodxonligi bilan dasturlash tilini o‘rgandi, o‘ziga Portfolio yaratdi. Hozirda o‘g‘lim Sirdaryo viloyati hokimligi uchun murojaatlar portali ustida ish olib bormoqda. Sirdaryo viloyati hokimligi Nurazizning qiziqishini ko‘rib, unga kompyuter ham sovg‘a qildi. O‘g‘lim albatta harakatlari bilan oldiga qo‘ygan maqsadiga erishishiga ishonaman”. Nuraziz kelajakda professional dasturchi bo’lish uchun hozirda matematika va ingliz tilini ham o’rganmoqda. Uning maqsadi tanlagan sohasi yordamida ulkan yutuqlarga erishish.