Contenuto
«Hayotimni o’zgartirvorgan kompyuter» — Karmanalik informatika o’qituvchisi bugun kasbi ortidan 2000 AQSh dollar daromad topmoqda Nilufar Maxmudova Karmana tumanidagi 19-umumta'lim maktabining Oliy toifali Informatika fani o'qituvchisi. 23 yildan buyon o’qituvchilik qilayotgan Nilufar Maxmudova 2020-yil pandemiya davrida sovg’a qilingan kompyuter hayotini o’zgartirib yuborgani haqida so’zlab berdi. “O’sha davrlarda o'zimcha bir nimalarni rejalashtirib yurardim, lekin rejalarimni amalga oshirishim uchun qo'limdagi noutbuk hech ish bermas edi. Yaxshisini olay desam juda qimmatlik qilardi. 2020-yil Coursera platformasi bo’yicha e’lon qilingan tanlovda g'olib bo'ldim va sobiq Xalq ta'limi vaziri o'rinbosari Rustam Karimjonov menga xotirasi 1 terrabayt bo’lgan noutbuk sovg'a qildi. Shundan buyon men uning yordamida ko’plab loyihalarni amalga oshirib, yutuqlarga erishishga muvaffaq bo'lyapman” Yutib olgan noutbuk yordamida Nilufar Maxmudova o'quvchilariga onlayn darslarni tashkil qildi. Qo'shimcha mablag' topish maqsadida onlayn kurslar ham tashkil qildi. Tumanda Informatika o'qituvchilarning treneri bo'lganligi sababli metodisti bilan birgalikda metodik kun o'quvlarini ham shu noutbukda onlayn amalga oshira boshladi. Shundan so’ng Nilufar Maxmudova boshqa informatika o'qituvchilari uchun ham onlayn tayyorlov guruhlarini tashkil qildi. Shu sababli hozirda u maktabdagi o’qituvchilikdan tashqari ham daromad topmoqda. «Yashirmayman kasbim orqasidan shu kurslarim yordamida oyiga o'rtacha 2 000 AQSh dollar daromad topaman», — deydi Nilufar opa. Nilufar Maxmudova maktabda bilim berishdan tashqari o’quvchilari uchun bepul Robototexnika va dasturlash to’garaklarini tashkil etgan. Uning o’quvchi shogirdlari Respublika va xalqaro miqyosdagi tanlovlarda munosib qatnashib kelmoqda. “Bolalar asosan Neo Soco qurilmasiga qiziqishadi. Entry dasturida dastur tuzib, shu dastur orqali Neo Soco robotini harakatlantirishadi”, — deydi u. Nilufar Maxmudova Informatika fani ustozlari uchun joriy etilgan "Microsoft Certified Educator", “Google for education” hamda “Astrum” kabi xalqaro va milliy sertifikatlariga ega. Bundan tashqari “Coursera”, “Oracle” va “Lectera” onlayn ta’lim platformalarining yuzlab kurslarini muvaffaqiyatli tugatib, xalqaro va professional sertifikatlarni qo’lga kiritgan. «Kasbimni juda sevaman, shu bois u bilan bog’liq hamma yangiliklardan xabardor bo’lib, ularni bolalarga yetkazishga harakat qilaman. Men bir kun maktabga bormasam hamma biladi bormaganimni, chunki o'quvchilarim meni izlab qoladi. Shundan ham xursand bo'laman, sababi kimgadir kerakligingizni his qilib yashash ham bir baxt». Nilufar Maxmudova IT ta’lim uyushmasi tomonidan o‘tkazilgan "IT Star" tanlovining "Eng hurmatli IT o'qituvchisi" nominatsiyasida g’olib bo’lgan.