Contenuto
Oquvchi qizning Disleksiyaholatidagi bolalar uchun yaratgan loyihasi IV Butunahon kreativ iqtisodiyot konferensiyasining startaplar tanlovida g‘olib bo‘ldi Toshkent viloyati Yuqorichirchiq tumanidan bo‘lgan Oyshabonu Narzullayevaning Disleksiya holatidagi bolalarga moslashtirilgan o‘quv vositalarini taqdim etishga mo‘ljallangan ta’lim ilovasi O‘rta Osiyoda yagona loyiha hisoblanadi. Disleksiya – o‘qish jarayonini qisman o‘zgacharoq tarzda buzilishidir. Ushbu holatda bola harflarni tanishda, undan bo‘g‘in va so‘z yasash, shuningdek, o‘qiganlarini tushunmaslikda yaqqol namoyon bo‘ladi. Ya’ni, u so‘zni to‘g‘ri o‘qiy olmaydi. Qolaversa, harfni tovush bilan bog‘lolmaydi, o‘qigan matnini esa tushunmaydi. IT Park Uzbekistan, San’at va madaniyatni rivojlantirish jamg‘armasi hamda Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida tashkil etilgan kreativ startaplar tanlovi IV Butunahon kreativ iqtisodiyot konferensiyasining muhim qismi bo'lib, unda 170 dan ziyod loyiha mualliflaridan arizalar kelib tushgan. Ular orasidan kreativ iqtisodiyot sohasida ijodkorlik, innovatsiya va dolzarblikni namoyish etgan startaplar g‘olib deb topildi. Mazkur tanlov ijodiy tadbirkorlikni rag‘batlantirish va kreativ sanoatning jadal rivojlanishiga hissa qo‘shishni maqsad qilgan IV Butunahon kreativ iqtisodiyot konferensiyasining muhim qismi hisoblanadi. Tanlovga taqdim etilgan ishlar Germaniya, Avstriya, Indoneziya va boshqa xorijiy davlat vakillari sanalgan hakamlar hay’ati tomonidan baholangan. “International House Tashkent” akademik litseyi o'quvchisi Oyshabonuning “Lexi Kid” ta’lim ilovasi 2-o‘rinni egallab, 40 million so‘m mukofot bilan taqdirlandi. Bugun ushbu loyihaga qiziqish bildirayotgan investorlar orasida Qozog‘istonliklar bor. Ushbu loyihaga qisqa vaqt ichida 3000 AQSh dollar miqdorida investitsiya kiritildi. Oyshabonu AyTidagi eng birinchi katta yutug‘ini 12 yoshida olgan. O‘shanda u "Create the Future Contest" dasturida butun dunyo bo‘yicha TOP 200 loyihalar ro'yxatiga kirib, Astronomiya yo'nalishida - "Eng tashabbuskor" unvonini yutgan. Oyshabonu Frontend yo‘nalishida developer bo‘lib ish olib boradi. Shu paytgacha Backend, Frontend va Game dev yo‘nalishlarida ishlab o‘zini sinab korgan. Hozirgi paytda esa Fransiyaning butunjahon Women In Tech hamjamiyatida dunyodagi eng yosh Ambassadori, Google for Developers Lead jamoasi a’zolaridan biri. "Axborot texnologiyalarga qiziqishim 10 yoshimda boshlangan. O‘shanda oddiy bir o‘yin orqali qiziqib ketib AyTiga ilk qadamimni qo‘yganman. Bilasizmi, ota-onam kompyuter oldida o‘tirishni, undan foydalanishni taqiqlamasdan aksincha meni shu soha bilan shug‘ullanishga imkoniyat yaratib berishgani uchun ham ulardan minnatdorman. Kelajakda AyTi sohasida ta’lim olib, o‘zimning Unicorn kompaniyamga asos solmoqchiman” — deydi Oyshabonu. Oyshabonu 15 yoshida startaplarga xorijiy bozorga chiqishga yordam beruvchi "Tumaris.Tech" biznes akseleratsiya dasturi tomonidan tanlab olingan 15ta loyiha orasida eng yosh tadbirkor (CEO) bo‘ldi.