Contenuto
#Taqriz_tanlov "Ko'ngul ozodadur, dunyoga arz ehtiyoj etmas..." Dunyo ajib, dunyo sinoatli, unda sen kutgan va kutmagan, hayolingga kelmagan sinovlarga duch kelasan. Har qanday holatda ham inson insoniyligini, qalbning sofligini saqlashga intilmog'i kerak. Yozuvchi va davlat arbobi Xayriddin Sultonning ham bu asarida yaxshilik va yomonlik o'rtasidagi azaliy kurash o'ziga xos tarzda ochib berilgan. Bu kitobda ko'ngil pokligini so'nggi nafasga qadar saqlab qolgan yigit fojeasi tasvirlangan. Avvalo, asar mumtoz adabiyot vakili Gulxaniyning "Zarbulmasal" asariga hamohang tarzda yoriltilganki, ushbu mumtoz asar haqida ham tasavvurlar paydo bo'ladi, va o'z navbatida o'quvchida qiziqish uyg'otadi. Asar qahramonining Muhammad Sharif bilan bo'lgan hayoliy suhbatlar,kitobning asosiy mazmunini ochib berishda muhim ahamiyatga ega.Yozuvchi asar qahramoni, adabiyot bo'limida ishlaydigan G'ulom tilidan o'sha davrdagi odamlar, siyosiy tuzum haqida yumor va satiraga boy fikrlarni kitobxon ixtiyoriga tashlaydi. Asarni bir necha qismga bo'lib o'qish mumkin. Dastlab, o'sha paytdagi yolg'onchi, vadaboz, ikkiyuzlamachi insonlar achchiq kulguga olinadi. ,,Zarbulmasal"da keltirilgan Yodgor lofchi haqidagi latifani eshitib, G'ulom agar bu lofchi hozir yashaganida bormi, osmondagi farishta kabi halol ko'rinar edi deydi va Rohibar va Muovin haqida aytib beradi. Rohibarni Gitlerni o'limiga ham bog'lab,qahramonga chiqargan muovinni tilyog'lamachiligidan yoqa ushlaysan. Rohibar esa uysiz, qiynalgan ishchilarni oldida tez orada uy bilan ta'minlaymiz deb to'rt bolasi va xotini bilan ijarada yurgan Jalol maxsumning qo'yniga puch yong'oq to'ldirib, g'arib ko'nglini battar ezg'ilab, shahardan ko'chib ketishiga majbur qolganini hazm qilishda og'ir holat. Nafsning quli bo'lgan, uni qondirish uchun ilmnida payxon qilgan obraz domla Eshmuhamedov rolida sayoz ilmi bilan bilimli yoshlarni ko'ksidan itaruvchi insonlar timsolini unda ko'rdim. Shu o'rinda yozuvchi, o'sha paytda adabiyot vakillarining bir- biriga dushmanligi, milliy mumtoz adabiyotni har qanday yo'l bilan bo'lsada yuzaga chiqarmaslik harakatini ochib bergan. Millionlarning ko'z yoshi, qoni evaziga million tonnaga yetgan paxta. Yetti yoshdan yetmish yoshgacha degan o'xshatish paxta terimiga bag'ishlangan bo'lsa kerak. Bolalar va onalar o'limi ko'payganda, odamlarning o'rtacha yoshi tobora pastlab borayotganda ham butun millat paxtaga jalb etilgan, Rohibarlar o'sha paytda ham televizor orqali chiroyli shiorlar o'qish bilan band bo'lgan. Dalada esa o'n ikki yoshli go'dak yolg'iz opasinida tashlab, boqiy dunyoga rihlat qilgan. Muhabbat ...Muhabbat...Muhabbat, Kim o'tmagan sening ko'changdan!?...Ismi Qunduz edi-yu, o'zi Yulduz edi. Sof sevgi har kimga ham nasib bo'lmaydigan nodir tuyg'udir. Bunday hazinaga ega bo'lgandan keyin, uni ko'z qorachig'idek asrash muhim. Aks holda, Qunduz aytganidek ularning sevgi gulzorini qonxo'r ho'kiz payhon qiladi... Endi esa boshda ayriliq, yovuz ayriliq. Nega bunday bo'ldi? Axir, Qunduz Layli emasdi, G'ulom Majnun! ... Lekin taqdirning borligi ham haq gap, taqdir shuni istadi ... Ijaradagi uch xonali uy...Hamma voqea Shu yerda boshlanib, shu yerda yakun topdi. Uyning egalari nopoklik yo'li bilan pul topib, hatto, g'arib otasini ham parvarish qilmaydigan nokas odamlar. Ularga ham taqdirning atagani bor...Sherlonboy qamoqda... Asarda Shodiyor ismli hal qiluvchi ahamiyatga ega qahramon ham e'tiborini tortadi. U har narsani pul bilan o'lchaydigan, to'qlikka sho'xlik qiladigan, axloqsizlikdan qaytmaydigan, umrini yolg'on, vaqtinchalik kayfu- safo uchun baxshida etadigan insonlarning namunasidir. Bunday insonlar hamisha yaxshi insonlar uchun xavfli: ularni toptaydi, bulg'aydi, G'ulom kabi umriga zomin bo'ladi. Asar yakunida hayolimga bir fikr keldi: ,,Odam bo'lib keldik, odam bo'laylik ..." Artikov Rustam