Contenuto
Jorj Oruel. ‘‘1984‘‘ #asaxiytanlov ‘‘Xalq jonivorlardan ham bechoraroqdir‘‘, ‘‘Insoniyat - bu partiyadir‘‘, ‘‘Qolganlar - tashqaridagilar - ahamiyatsizdir.‘‘ Ummoniya partiyasi shunday o‘ylaydi va ular o‘ylagandek yashashga hamma mahkum ! Kimdir aytgandi, Oruel orzularni o‘ldiradi deyadi. Menimcha mana shu fikrda bo‘lgan odam adashgan. O‘zimning fikrimni esa quyiroqda bayon etaman. Asarni o‘qish jarayonida, avvaliga miya chap yarimsharlari ishlash mexanizmi tezlashgandek tuyuldi, ammo voqealar jarayoni shiddatli tus ola borgach, miyaning o‘ng yarimsharlari ham xuddi shunday ishlashga kirishdi. Ummoniya xalqi qo‘rquv ostida ushlab turiladi. Hamma narsa, shaxslar nazorat ostida. Sen shaxs bo‘lishing aslo mumkinmas. Sen individsan. Sen shunchaki Katta og‘ani sevishing va partiyaga sodiq bo‘lishing kerak. Boshqa vazifang yo‘q. Ummoniyada haqiqatdan bo‘lak har narsa topilishi mumkin bo‘lgan Haqiqat vazirligi, ichingizda nafratni uyg‘otadigan Muhabbat vazirligi, urushga shay turadigan Farovonlik vazirligi kabi bir qancha vazirliklar mavjud. Insonlarga uqtirilgan : ‘‘E‘tiqodli inson fikrlamaydi, fikrlagan inson yashashga noloyiq‘‘. Har bir shaxs (endi ularni individ desa ham bo‘ladi) ko‘r-ko‘rona e‘tiqod ostida yashashga mahkum. Bu yillar davomida yuz berib kelgan. Bunga dalil sifatida Uinstonning keksa chol bilan suhbatini keltirish mumkin. Hatto o‘sha cholda ham fikrlash mavjud emas. Unga ham yoshlikdan shu e‘tiqod singdirilgan. ‘‘Eski davrning tasodifiy guvohlari ham oldingi davrni hozirgisi bilan solishtirishga qodir emas‘‘ deyilganda rost gaplar aytilgan. Smit shu individlar ichra bir shaxs. U isyon ko‘tarishga harakat qildi. Yo‘q, u buni juda ham istamadi. Chunki har bir harakatida oqibat nima bo‘lishi haqida o‘y mavjud edi. U kelajagi nima bo‘lishini bilar edi. Bila turib, isyon ko‘tarishga qaror qildi. Avvaliga taqiqlangan yozuvlar orqali, keyin esa Juliya bilan ishqiy munosabatlar orqali. U sevdi. U Juliyaga bog‘lanib qoldi. Uni hech qachon, har qanday vaziyatda ham sotmayman dedi. Inson o‘zi uchun daxshatli bo‘lgan hodisaga duch kelganda hatto eng sevgan kishisini ham sotishi guvohiga aylanganmiz. Smit ham mustasno bo‘lmadi. U insoniylikni saqlamoqchi bo‘ldi. Ammo yolg‘iz o‘zining qo‘lidan hech nima kelmasdi. Olomon esa baqirardi, u ham xavfsizlikda bo‘lishi uchun olomon bilan birga baqirishi kerak edi. Ammo insoniylik prinsiplariga qarshi chiqa olmadi. U hammasini o‘zgartirmoqchi edi. U harakat qilmoqchi edi. Ammo... Katta og‘a har doim kuzatib turadi... Asar nega bunday nomlangani-yu, uni qaysi davrga va qaysi mamlakat nazarda tutilgani shunchaki ikkinchi darajaga tushishi kerak. Asar mohiyatida fikr erkinligi, manqurtlikdan qochish yotadi. Oruel orzularni so‘ndirmaydi, shunchaki insonni manqurt bo‘lmaslikka, mustaqil fikrga ega bo‘lishga va o‘z fikrida sobit tura olishga chorlaydi. Ma‘rufjon Ochilov @kitobxonlar_d