Contenuto
#kun_tavsiyasi Rahmat Fayziy “Hazrati inson” Bu asar ijodkor umridagi shoh asar bo’lsa ajab emas. Chunki Rahmat Fayziy nomini eshitsam, xayolimda shu roman gavdalanadi. Ushbu romanda 2-jahon urushi davridagi o’zbeklar hayoti tasvirlangan. Asarga o’sha davrning qahramonlari hisoblangan temirchi Shoahmad Shomahmudov va uning turmush o’rtog’i Bahri Akramovalarning urush tufayli qarovsiz qolgan turli millat vakili hisoblangan 13 bolani o’z tarbiyalariga olishgani asos qilib olingan. (Ularga atab “Xalqlar do’stligi” san’at saroyi oldida haykal qo’yilganidan xabaringiz bor) Yurt boshiga kulfat tushgan bir vaqtda insonlarning birdamligi, mehr-muruvvati, topganini boshqalar bilan baham ko’rishi kabi yuksak fazilatlarining badiiy talqiniga guvoh bo’lasiz. 2-jahon urushi davridagi Toshkent hayoti, insonlar fojiasi, bolalar taqdiri haqidagi asar bu. Asarda insonlar o’rtasidagi tenglik haqidagi fikrlarni ushbu dialogdan bilib olishimiz mumkin: “- Bizam, birortasini bag’rimizga olsakmikin, deb keluvdik, - dedi Mahkam aka... - O’g’il bolami yo qizcha olmoqchimisiz? - Baribir. - Yoshroq bo’lsinmi yo eslikrog’imi? - Baribir, qizim. - Qaysi millat bolasi bo’lgani ma’qul? Mahkam akaning a’zoyi badani titrab ketdi. Rangi oqardi. Juvon buni payqadimi, yo’qmi, qo’lidagi daftarga allanimalarni yozishdan to’xtamadi. - Qizim, - dedi o’zini bosib Mahkam aka, - men mol bozoriga kelganim yo’q. Tushundingizmi? - Axir, otaxon... - Axir-paxiri yo’q! Indamasam oriqmi-semizmi, kemshikmi-puchuqmi, qorami-sariqmi deb so’raydiganga o’xshaysiz! - Voy otaxon, millatini so’rasam siz... - Hamma millat bolasi bir! Hamasini xudo yaratgan! Hammasi odam bolasi! Tushundingizmi? - Kechirasiz, - juvon Mahkam akaning vajohatidan qo’rqib ketgan, qo’lidagi daftar qaltirardi. - Odam bolasini oq-qoraga ajratmang. Dunyoda bitta shunaqa ablah chiqib, ne kunlarni sovotti odamlar boshiga. Hali jazosini tortadi. Bularning ko’z yoshi ko’r qiladi...” O’zbek adabiyotiga qiziqqan ko’pchilikning bu asardan xabari bo’lsa kerak. O’qimaganlarga esa tavsiya qilaman! Sadoqat Xolmonova Kanal: @kitobxonlar_d