@TillanisoEN · Post #4799 · 26.08.2024 г., 17:15
#bookreview Tillaniso — Sunbula Inson oʻziga dushman, oʻziga xatardir Kitobni oʻqish davomida "odam qanday qilib shunchalar dard bilan yashay olar ekan" degan savol miyamda charx uraverdi. Ha, kitobdan dardning isi kelardi, oddiy emas, ogʻir dard isi. Asar hajman qisqa boʻlgani bilan, insonga hech ham tasvirlab boʻlmaydigan hissiyotlarni beradi. Oʻqish davomida oʻzgacha ogʻriq sizga hamrohlik qiladi, lekin bu ogʻriqni yoqimli ham, yoqimsiz ham deb boʻlmaydi. Asarda 3 ta asosiy qahramon mavjud : uyini ijaraga beruvchi D. ismli kishi, ijarachi qiz Laylo ( asl ismi Marhamat) va asarda ismi keltirilmagan, ammo hamma "ustoz" deb ataydigan qahramon. Asarning bosh qahramoni boʻlgan "ustoz" yozuvchilik bilan shugʻullanadi, koʻplab kitoblarni mutolaa qiladi, ammo hayot qiyinchiliklari uni mana shunday chirkin uyda ijarada turishga majbur qiladi. D. ismli kishi esa yozuvchi edi, ammo u "avval hayotni oʻrganay, keyin yozaman, degan niyatda har koʻchaga bosh suqqan, bu koʻchalarda ayollarga va maishatga berilgan. Natijada uzoq yillar qoʻliga qalam olmagan, bu kabi sandiroqlashlar uning turmush tarziga qattiq taʼsir qilgan, uch bor uylanib ajrashgan, endi yozishni boshlayman, deb ahd qilganda esa allaqachon kech boʻlgan, uning "poyezdi" ketib boʻlgan " odam edi. Laylo esa oilaviy muhit, jamiyat qurboni edi, ha, uning oilasi gʻalati, moddiy jihatdan qiynalgan shu sababli ham "oilada koʻp qiz boʻlgani, kamxarj, ayolmandligi uchun qizlar erta uzatib yuborilgan" edi. Kelinlikdagi mashaqqatli hayoti, onalik huquqidan mahrum qilingani uni shu holatga olib kelgandi. U hayotidagi yolgʻizlikka chiday olmagan, shu sababli nopok yoʻllarga kirib qolgandi. Asar qahramonlari bir - biridan tamoman farq qilsa-da, ularni bogʻlab turuvchi nimadir bor edi : har biri oʻz hayotida nimasinidir yoʻqotgan baxtsiz va tushkun kimsalar edi. Asarni bir oʻqishda anglash qiyin, chunki u falsafiy maʼnoga ham ega, oʻzim ham ikki martalab oʻqib chiqdim. Kitobda "Sunbula" dan tashqari yana boshqa, "Germina sindromi", "Ilova", "Koʻrpa", "Yozuvchi", " Yigit", "Afsungar" kabi yoziqlar ham mavjud. Ularni oʻqib, tahlil qilar ekansiz, ulardagi qahramonlarning har biridan oʻzgacha bir narsa olasiz. Asarni oʻqishni qattiq tavsiya qilib qolaman. @elizabets_library
Hashtags