@Chilonzor_tuman_hokimligi · Post #83198 · 12.04.2026 г., 04:05
#Chilonzor #KosmonavtlarKuni #YuriyGagarin #12Aprel #Koinot #IlmFan Chilonzorda Kosmonavtlar kuni munosabati bilan xotira tadbiri o‘tkazildi 12-aprel — Kosmonavtlar kuni munosabati bilan Chilonzor tumanida joylashgan Yuriy Gagarin monumenti oldida tantanali gul qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda tuman hokimi Saidqahhor Xolxo’jayev, xorijiy davlatlar elchixonalari mutasaddilari va vakillari, tashkilot va muassasalar vakillari, keng jamoatchilik ishtirok etib, insoniyat tarixida yangi davrni boshlab bergan Yuriy Gagarin xotirasiga hurmat bajo keltirdilar. So‘zga chiqqanlar 1961-yil 12-aprel kuni amalga oshirilgan tarixiy parvoz — Vostok-1 orqali insoniyat ilk bor koinot sari yo‘l olganini alohida ta’kidladilar. Mazkur voqea nafaqat fan va texnologiya rivojiga, balki butun insoniyat tafakkuriga ulkan ta’sir ko‘rsatgani qayd etildi. Shuningdek, bugungi kunda O‘zbekistonda ham kosmik sohani rivojlantirish, yosh mutaxassislarni tayyorlash hamda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani e’tirof etildi. Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan monument poyiga gulchambarlar qo‘yilib, buyuk kosmonavt xotirasi yana bir bor ehtirom bilan yod etildi. 👉👉👉Lavhamizda tadbir jarayonlari https://t.me/chilonzor_tuman_hokimligi