Kandungan siaran
#haqida Sizlarga hozir o'tgan yil tahminan shu paytlarda boshlangan voqeani aytib bermoqchiman. O'shanda hayotimni sarhisob qilarkanman, kunlarimning birin-ketin bir xilda o'tib borayotganligini anglay boshladim. Uy-ish,ish-uy, bola-chaqa...Orada blogerlik qilishim yaxshi, biroq u ham go'yo bir tekisga tushib qolgandek bo'ldi. Xullas, o'zimga chellenjlar qilmay qo'yganimni tushundim. Buni ko'plar comfort zone deydi. Bu esa sizni ortiq o'stirmay qo'yadi. O'ylab qaradimki, fikrlarim boshida unday emasdi. Diplomatiyani tugatganimda qo'limda IELTS 7.0, yaxshi baholarga to'la diplom, xorij universitetidan olingan offer bor edi... Lekin shu bilan birga, karyera qilish niyatim ham ustunlik qilardi. Bakalavr nazariya, hayot esa amaliyot o'rgatadi. Shu sababli o'qishni davom ettirmadim. Ishga kirdim. Yaxshi ish topdim. Keyin shaxsiy hayotimni tartibga keltira boshladim. Yaxshi inson bilan tanishdim. To'y. Oila boshlig'i. Farzandli bo'ldim. Bular men xohlagan yo'l edi. Ulkan baxt va katta orzularga erishdim. Shu paytagacha qilgan birorta qarorimdan sira afsuslanmayman. Lekin bo'ladiku, kunlardan bir kuni eski uyingizga borasiz va chordoqning chetidan qachonlardir siz uchun qadrli bo'lgan buyumlaringizni saqlab qo'ygan sandiqchangizni topib olasiz. Nostalji. Yoqimli xotiralar. Men ham sandiqchamdan ilmiy faoliyatimni davom ettirish istagini topib oldim. To'g'ri oradan biroz vaqt o'tdi. Nima bo'pti? Nega hozir emas? Xullas, o'qishni chet eldai davom ettirishga qaror qildim. Lekin duch kelgan emas, balki nufuzli joyda. Bir paytlar orzu qilgan maskanlarimda. Harakat boshlandi. IELTSga qayta tayyorlandim. Buyog'i hamma biladigan narsalar. Application process. Kutish. Javob keldi. Unconditional offer. From Glasgow, Reading va Swansea University. Lekin kontraktga pul yo'q:) Shunda yaxshi niyat bilan El-yurt Umidiga hujjat topshirmoqchi bo'ldim. Lekin uniyam ancha kutdim, bu yil topshirganlar biladi. Nihoyat tanlov iyunda ochildi. Keyin bir oydan keyin test, avgustda suhbat. Yana 2 oy javobini kutish. Ozmuncha vaqt o'tmadi. Bugun esa yomg'irli Toshkent havosida ko'chada edim. Ertalabdan smartfonimda ozgina zaryad qolgan. Birdan qo'ng'iroq bo'ldi. O'rtoqlarim: "Tabriklayman!". Boshida nimaga va negaligini tushunolmadim. Esimdan chiqayozgan narsa edi, rosti. Ammo bu haqiqat bo'lib chiqdi. Shunday qilib, kamina "El-yurt Umidi" fondining 2024-yilgi "Jamg'arma Stipendiati" bo'lib topilibman. Bugungi xushxabar shu edi. Shuncha voqealar rivoji. Yana bir muhim dovondan o'tibman:) Hali bundan ham muhim dovonlar bizni kutib turibdi... Bir paytlar do'stlarim va tanishlarim grant yutishganda ularga chin dildan havas qilardim va bir kun o'zim shunday bosqichga chiqishni orzu qilardim. Alloh shu kunlarga ham mana yetkazdi. Ishonch va harakat orqali yetishsa bo'larkan. Xudoga behisob shukr! Men bugun xursandman😊 @panda_books