Willakuy ukhu
Bugun 24-English guruhi hamda BatMU bilan talabalar almashinuvi dasturi doirasida Farg‘ona davlat universitetiga mehmon bo‘lib kelgan talabalar bilan birgalikda Andijon davlat universitetiga tashrif buyurdik. Mazkur tashrifning asosiy maqsadi talabalar “Genetika va genomika” fanidan olgan nazariy bilimlarini amaliy jihatdan mustahkamlashdan iborat bo‘ldi. Shu maqsadda Ekologiya va barqaror rivojlanish kafedrasi qoshida faoliyat yuritayotgan Tibbiy zuluklarni yetishtirish va ko‘paytirish bo‘yicha ilmiy-amaliy markaz hamda uning tarkibidagi Molekulyar biologiya laboratoriyasi bilan yaqindan tanishildi. Tashrif davomida markazning asosiy faoliyat yo‘nalishlari, olib borilayotgan ilmiy ishlar va qo‘llanilayotgan metodik yondashuvlar haqida batafsil ma’lumotlar olindi. Keyingi bosqichda laboratoriya sharoitida hayvon to‘qimalaridan DNK ajratib olish bo‘yicha 12 bosqichli metodika asosida amaliy mashg‘ulotlar olib borildi. Talabalar namunalar bilan ishlash jarayonida DNK ajratish bosqichlarini ketma-ket bajarib, jarayonni amalda sinab ko‘rishdi. Mashg‘ulot davomida ishlatiladigan jihozlar va reagentlarning xususiyatlari, ularning vazifalari hamda ish bosqichlarining to‘g‘ri ketma-ketligi haqida muhim bilimlar berildi. Eng muhim jihatlardan biri — talabalarga ushbu jarayonni mustaqil bajarish imkoniyati yaratilgani bo‘ldi. Bu esa ularning ilmiy tafakkuri va fanga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirishga xizmat qildi. Bunday amaliy mashg‘ulotlar yoshlarning ilmga qiziqishini kuchaytirish, nazariy bilimlarni mustahkamlash va kelajakda yetuk mutaxassis sifatida shakllanishida muhim omil hisoblanadi. Mazkur tashrifni tashkil etishda yaqindan yordam bergan barcha ustozlarga chuqur minnatdorchiligimizni bildiramiz. Xususan, b.f.f.d., dotsent Solijonov Xayrulla Xabibulla o‘g‘li hamda b.f.f.d., dotsent Umarov Farrux Ulug‘bekovichga, shuningdek laboratoriya jarayonida barcha metodik jihatlarni sabr bilan tushuntirib bergan Usmonov Salohiddin Xomidjon o‘g‘liga alohida tashakkur izhor etamiz. Ilm yo‘lida qilayotgan harakatlaringizni Alloh hayrli qilsin.