Willakuy ukhu
Kuni kecha, Quvasoy shahar ixtisoslashtirilgan maktabida tashkil etilgan “Eko loyihalar” tanlovi doirasidagi konferensiyada ekspert sifatida ishtirok etish imkoniga ega bo‘ldim. Ochig‘i, maktab darajasida ekologiyaga bu qadar jiddiy va tizimli yondashuvni ko‘rish alohida quvonarli. Bugungi tadbir yana bir bor shuni ko‘rsatdiki, atrof-muhit muammolari va ekologik tafakkur shakllantirishga bo‘lgan e’tibor izchil ravishda ortib bormoqda. Konferensiyaning tashkil etilish darajasi, o‘quvchilarning chiqishlari, loyihalarning mazmuni barchasi yuqori saviyada bo‘ldi. Alohida ta’kidlash kerakki, tadbirning to‘liq ingliz tilida olib borilgani uni yanada ahamiyatli qildi. Bu esa o‘quvchilarning nafaqat ilmiy fikrlash, balki xalqaro ilmiy muhitga moslashish yo‘lida ham muhim qadam tashlayotganidan dalolat beradi. Eng so‘nggi rasmda men bilan birga tushgan ishtirokchilar “Eng yosh guruhi” nominatsiyasi egalari bo'lib, ularning ko‘zidagi ilmga chanqoqlik, o‘rganishga bo‘lgan kuchli ishtiyoq va tabiiy qiziqish bugungi kunda juda kam uchraydigan, lekin juda qadrli sifatdir. Shu yoshdayoq bunday darajadagi intilish buyuk kelajakning belgisi. Bunday saviyali, mazmunli va manfaatli tadbirni tashkil etish o'ziga yarasha mehnat talab qiladi, shu sabab barcha tashkilotchilarga samimiy minnatdorchilik bildiraman. O‘quvchilarga esa yana-da katta marralar, izchil ilmiy izlanishlar va yuksak muvaffaqiyatlar tilayman.