Willakuy ukhu
Men o‘zimning ishonuvchan xalqimga juda achinaman. So‘nggi 4-5 yil ichida o‘zbekistonliklar firibgarlar uchun asosiy nishonga aylanib bormoqda. Endi ularning o‘ljasi biz bo‘lib qoldik. Firibgarlikning ikkita eng keng tarqalgan turi mavjud: 1) Ijtimoiy tarmoqlarda va messenjerlarda zararli dasturlar yoki havolalar mavjud bo‘lgan xabarlar. 2) Telefon qo‘ng‘iroqlari. Zararli xabarlar So‘nggi paytlarda firibgarlar Telegram messenjeridan faol foydalanib, zararli xabarlarni tarqatmoqda. Ularda nima bo‘ladi? 1) Soxta manbalarga havolalar. Siz havolaga o‘tganda, Telegramning asliga o‘xshaydigan avtorizatsiya sahifasi chiqadi. Ishonib, maʼlumotlaringizni kiritasiz. Bir necha vaqt o‘tib esa akkauntingizga kirish huquqini yo‘qotasiz. Ularning maqsadi nima? O‘g‘irlangan akkauntlar bazasini kengaytirish, ularni katta firibgarlik harakatlariga qo‘llash yoki sizga tanish odamlarga bukmekerlik kompaniyalari yoki kazinolarni reklama qilish. 2) Zararli ilova yuborish. So‘nggi yillarda firibgarlar ko‘p hollarda quyidagi mazmundagi xabarlarni jo‘natmoqda: «Assalomu alaykum. Sizni rasmlaringizni topib oldim» va xabarga zararli dastur ilova qo‘shiladi. Bu dasturni yuklab olganingizdan so‘ng, nafaqat Telegram akkauntingizni, balki telefondagi barcha maʼlumotlarni yo‘qotishingiz mumkin. Telefon qo‘ng‘iroqlar Eski usul. Firibgarlar bank xodimi sifatida qo‘ng‘iroq qilib, hisobingizda shubhali harakatlarni ko‘rishganini aytgan holda, SMS orqali kelgan kodni aytishingizni so‘rashadi. Agar kodni aytsangiz, kartangizdan pullarni yechib olishadi. Yangi usullar. Hozirgi kunga kelib, firibgarlar o‘zlarini har qanday shaxs sifatida tanishtirishlari mumkin:Milliy gvardiya yoki militsiya xodimi sifatida, farzandingiz jinoyat ustida qo‘lga olinganini aytishadi. Masalani hal qilish uchun shoshilinch ravishda pul berishingiz kerakligini taʼkidlashadi. Ota-onalar qo‘rquvda farzandi bilan bog‘lanishga ulgurmaydi va aldanib qolishadi. Yana ular o‘zlarini yangi qo‘shningiz sifatida tanishtirib, qarzga pul so‘rashlari mumkin. Chunki ular siz haqingizda maʼlumotlarga ega va bu hikoyani ishonarli ko‘rsatadi. Bu qachon tugaydi? Afsuski, hech qachon. Firibgarlar kundan-kunga yana-da aqlliroq bo‘lib bormoqda. Faqat telefon va internetdan foydalanmaydiganlar yoki firibgarliklarga qarshi immunitetga ega bo‘lganlargina omon qolishadi. Hushyor bo‘ling!