Содержимое
Unga necha marta murojaat qilganimni eslolmayman. Qo‘ng‘iroq qilardim, uyiga borardim, ko‘chada uchrashardim — har safar u meni tanimasdi. Har bir suhbatni go‘yo birinchi marta tanishayotgandek boshlardi. Bir qarashda bu manmanlik belgisiga o‘xshardi, ammo aslo unday emasdi. Boris Anatolevich Golender shunchaki juda soddadil inson edi. Har kim, ehtimol, u o‘z olamida yashagan, deb aytishi mumkin. Uning dunyosi kichik to‘rtburchak xonada qurilgan bo‘lib, xonaning har bir devori poldan shiftgacha kitoblar bilan to‘ldirilgan, va unda "Pentium" davrining eski kompyuteri o‘rnatilgan kichik ish stoli bor edi. Xonasidagi har qanday buyum: "Men tarixchiman," deb jar solardi. Men unga shunchalik ko‘p savollar berardimki, u jonga teggan jurnalistni eslab qolishi mumkin edi, lekin u har bir savolga xuddi meni tanimagandek uzoq, batafsil, tushunarli qilib javob berardi. Uning miyasi xuddi eski kompyuteriga o‘xshab, tarixiy ma’lumotlar baytlarini puxta saralab, uzoq vaqt saqlardi. U O‘zbekiston tarixi, ayniqsa Chor Rossiyasi va Sovet davri haqida hamma narsani biladigandek edi. Ko‘pchilik uning qarashlariga qo‘shilmasligi mumkin, ammo hech kim uning qomusiy bilimlarini inkor eta olmaydi. Bir kuni sovet kitoblaridan birida O‘zbekiston me’morchiligi haqidagi ma’lumotlarni o‘qib qoldim va ko‘z oldimda xuddi Boris Anatolevichning suhbatlari, aniqrog‘i, so‘zma-so‘z gaplari jonlandi. Ehtimol, u kitoblarni xuddi skaner singari o‘qib, yodlab olgandir. Bu shunchaki hayratlanarli edi! Yaqinda unga yana qo‘ng‘iroq qildim. U javob bermadi. Yana ikki marta qo‘ng‘iroq qildim. Yana javob yo‘q. Shunda o‘ylab qoldim: agar qo‘ng‘iroq qilsam-u, u umuman go‘shakni ko‘tarmasa va o‘zining bo‘g‘iq ovozi bilan "Aloooooo" demasa nima bo‘ladi? Afsuski, o‘sha kun keldi. Joyingiz jannatdan bo‘lsin, Boris Anatolevich! Rasm: Podrobno.uz @andanotherday