TGTGInsightаналитика telegramLIVE / telegram public index
← Kitobxon kundaligi
Kitobxon kundaligi avatar

TGINSIGHT POST

Post #1136

@kitoblog

Kitobxon kundaligi

Просмотры1,800Количество просмотров
Опубликован11 апр.11.04.2021, 16:19
Содержимое поста

Содержимое

Bugungi o'quvchi adabiyotdan juda primitiv va juda katta narsa kutyapti: Uyg'otish. Lekin biz Uyg'onish deganda aslida nimani tushinamiz? Motivatsiyami? Yo xalq hayotini yaxshilashmi? Yo yo'l ko'rsatishmi? Adabiyotga uyg'otish vazifasini yuklash ijodkorlarni ham jo'nlashtiradi. Agar o'quvchi kutgandek xalqqa g'oya berish, nimagadir undashgina adabiyot deb qabul qilib qolsak, bu oson narsa. Buni eplash mumkin. Istalgan biror bir jabriyda qahramon hayotini olib, emotsional yozish va hatto uning hayotini yaxshilash yo'llarini ko'rsatish bu u qadar murakkab narsa emas. Lekin adabiyotga bunday bir yoqlama qarash ketmaydi. Adabiyotda ijodkorning o'zi uchun ham Sir qolishi kerak. U avvalo o'zi uchun yozadi. Umuman, adabiyot meni uyg'otadi deyish xomtamalik xolos. Adabiyot uyg'ongan qalblar bilan uyg'onish haqida, yo'l haqida, o'zlikni anglash haqida muhobasa, suhbat. Adabiyot kimnidir tortqilab uyg'otib kelmaydi. Uyg'ongan qalb adabiyotga yetib keladi. Nega Navoiyga yetib borolmaymiz, masalan. Chunki biz Navoiy bilan uyg'oqlik haqida muhobasa qilolmaymiz. Dostoyevskiy "Siz kitoblarni o'qiyvering, qolganini hayotning o'zi tushintirib oladi" deydi. Ya'ni uyg'onganingda tushinib olasan o'sha kitoblar ma'nosini deydi. Bu bilan kitob o'qi, u seni uyg'otib qo'yadi demayapti. Uyg'onish bu bir katta jarayon. Faqat kitob bilan bir inson hayotida sodir qilolmaydi buni. Hayotga qaraydi, tushinadi, anglaydi, ziddiyatga boradi, dunyodan begonalashadi, keyin begonalashishda ma'no ko'rmaydi, ma'no qayerda deydi, o'zlik qayerda deydi, qanday qilsam to'g'ri deydi? Inson o'sha nuqtalarda o'z qalbida uyg'onishni boshlaydi. Adabiyot bu yechim emas. Umumiy ma'no haqida siz bilan fikrlashadi xolos. Lekin har kimning yechimi alohida bo'lishi kerak. Shuning uchun bu dunyoda milliardlab odamlar bor va ularning har birining o'rni bor. Va har birining o'z yechimi. Adabiyot bitta g'oya tashimaydi, bir nechta g'oya ham tashishi mumkin, buni anglash esa o'quvchi zimmasida. O'z navbatida adabiyot butun g'oyalarni inkor ham etishi mumkin. Kamyuning "Isyon va san'at" essesini o'qib ko'rishni tavsiya etaman bu o'rinda. Birorta kitob, birorta ijodkor ma'no yoki g'oyani shundoq chaynab og'zingizga solib qo'yib, bo'ldi, endi boraver sen hayotni, o'zingni anglading demaydi. Agar birorta kitobdan hayot ma'nosini angladim desangiz, agar, shunchaki o'zingizga illyuziya yaratib olgan bo'lasiz. Va bu juda xavfli. Har kim o'zi anglaydi. Mas'uliyat baribir hammaning o'z zimmasida qoladi. Adabiyot hech bo'lmasa shuni anglatish uchun ham mavjud bo'ladi. O'ylab qoldim, biz o'z ma'suliyatimizdan qochish uchun ham sohalar, odamlar, g'oyalar, fikrlar zimmasiga juda katta vazifa yuklab tashlaymiz. Asosiy adashish ham shundan boshlanadi. Qadrsizlanish, qadrlanmaslik ham shundan boshlanadi. Takrorlayman, adabiyot uyg'otmaydi, undan buni kutmang, u uyg'ongan qalblar bilan uyg'oqlik haqida muhosaba qila boshlaydi. Haqiqiy adabiyot shundan boshlanadi. Haqiqiy o'quvchilik ham. P.s.: Bu bugungi kitobxonlar uchrashuvidan keyin tug'ilgan xulosalar.