Содержимое
Kuzning salqin kunlari boshlanganida qaygʻu, tushkunlik, apatiya, xavotir, besaranjomlik his qilasizmi? Bu fasllar almashinuvi tufayli organizmda yuz beradigan oʻzgarishlarning ruhiyatimizdagi aksi. Koʻpincha sentyabr oyi yangi boshlangʻichlar, yugur-yugurlar bilan oʻtgani uchun oʻzimizga nazar solish, xotirjam boʻlishga vaqtimiz boʻlmaydi. Ichimizda xavotir va tushkunlik yana-da kengayadi — samarador, tezkor, quvnoq boʻlishimizga imkon bermayotgan holatimizga qarab asabiylashganimiz tufayli. Aslida kuz keltiradigan melanxoliya bizga kerak. Hammamiz qanchadir darajada faylasuf, ijodkor boʻlib qolamiz. Hayotga va oʻzimizga shunday qarash — ortiqcha narsalar ketidan yugurishimizni sekinlashtiradi, toʻxtatadi. Biz uchun eng muhim qadriyatlarni eslashimizga yordam beradi. Shunday dono, nafis, sokin va nozik holatimiz qadrlanishga loyiq. Uni qabul qilsak, butunlikni his qilamiz. Hozir oʻzimizga gʻamxoʻrlik, shafqat koʻrsatishni oʻrganadigan kunlar: "Uff, kunlar soviyapti" deyish ham, "Qalin va yumshoq paypoqlar olib beraman oʻzimga!" deyish ham mumkin. "Kayfiyatim yomonligi ishlashimga halal beryapti, ishlarim esa bir dunyo!" deyish ham, "Ishlarimni qanday qilib oʻzimga qulay va yengilroq qilib moslashtirsam boʻladi?" deyish ham mumkin. "Hech narsa qilgim kelmayapti!" deyish ham, "Nimalar qilish menga huzur beradi hozir? Balki hech narsa qilmaslikni sinab koʻrarman?" deyish ham mumkin. "Hamma odam, hamma narsa asabimga tegyapti!" deyish ham, "Kimlar, nimalar men xohlaganimday boʻlmasligiga imkon bera olaman?" deyish mumkin. Kuz — ikkinchi variantlarni tanlashimiz uchun har yili imkon beradi, hozir ham imkon beryapti🍁