Содержимое
2014-yillar Facebookda "Siz o'qigan ilmiy va badiiy asarlar" nomli guruh bo'lardi. Kimdir biror kitob kerak bo'lsa so'rardi, kimdir o'qigan kitobi haqida yozardi. Bir necha yil ichida nomi "Kitobxonlar davrasi" ga o'zgarib juda tez rivojlandi. Har hafta tanlovlar, o'yinlar, debatlar uyushtirilardi. Zakovatchilar, bugungi kundagi bir necha o'n minglab auditoriyasi bor ijtimoiy sohada yozadigan blogerlar o'sha o'yinlarda qatnashardi. Keyin esa uchrashuvlar tashkil qilish boshlandi. Bir-birini umuman tanimagan turli kasbdagi, turli yoshdagi odamlar har oy yig'ilishardi. Bu o'ziga xos kitobxonlar klubi edi. Yot begonalarni kitob shu darajada yaqinlashtirdiki, mehr - oqibatda, hayotda bir - birini qo'llashda tug'ishganlarday yaqin bo'lib ketishganini ko'rganman. U muhit juda boshqacha edi. Mukofotga 20-30 minglik kitob ediyu, lekin hamma o'sha kuni ishlarini yig'ishtirib tanlovda ishtirok etardi, chunki jarayon qiziq edi, yoqimli edi. Har oy har xil viloyatda uchrashuvlar bo'lardi. Birgina kitob uchun va boshqa kitobxonlar bilan uchrashish uchun Toshkentdan vodiyga, vohaga borishardi. Hozir kitobxonlik trendda. Nashriyotlar tarjimada, marketingda avjiga chiqqan. Sovringa Spark qo'yilgan tanlovlar bor. Har 10 ta kitobxondan 2-3 tasi bookblog yuritadi. Man aytayotgan davrda bookblog u yoqda tursin, o'zbek segmentida hali blogerlar ham yo'q edi. Nashriyotlar, kitob savdosi, tarjimachilikda turg'un davrlar edi. Shu sharoitda butun respublika bo'ylab juda katta kitobxonlar auditoriyasi shakllangan edi. Bu hech qanday davlat tashkiloti aralashuvisiz, byudjet mablag'larisiz, ko'ngillilarning tashabbusi edi. Keyin ba'zi adminlar ketdi, ba'zilari o'z ishi bilan bo'lib qoldi, yangilari oldingi muhitni yarata olmadi. Kitobxonlar davrasi hali ham bor va 40-50 ming a'zoga ega. Lekin oldingi fayz yo'q. U yerdan ketib telegramda bookblog ochishimning ham sababi shu. Man aytgan davrlardagi katta avlod vakillari har xil soha vakillari edi, o'qituvchilar, fan doktorlari, shifokorlar, yuristlar, dasturchilar... Ularni kitob birlashtirgan edi. O'sha paytdagi talaba bo'lgan yoshlarning ko'pi kitob sohasidan ketdi, Asila, Gulasallar Asaxiyda ishlashdi, Dilnoza uzoq yillar Asaxiyning bosh marketologi edi, Ulug'bek, Madina, Dostonlar Yangi asr avlodida ishlashyapti, Dilorom Navoiydagi filialda ishladi, Elbek Samarqandda diler, Dilzoda Akademnashrda, O'ktam, Mahinlar esa bugun eng mashhur bookblogerlardan biri. Yangi asr avlodida ishlaydigan Madina Book arena loyihasi orqali o'sha muhitni yarata olyapti nazarimda. Chunki u ham, boshlovchilik qiladigan Ma'ruf ham o'sha davrlarni ko'rishgan, ishtirok etishgan. Loyihada o'qishga bir kitob tanlanadi va har ikki haftada bir, yakshanba kuni Book.uz do'koniga yig'ilib muhokama qilinadi. Kitobni o'qib borib fikr bildirish ham, o'qimay borib jim kuzatib kelish ham mumkin. Borgan sari ishtirokchilar ko'proq, muhit yaxshiroq, suhbatlar qiziqroq bo'la boryapti. Chet elda har xil klublar ommalashgan, radiotexniklar klubi, rassomlar klubi, Shekspir muhlislari klubi, dasturchilar klubi. Bir vaqtlar butun Silikon vodiysi shunday klublarga to'lgan edi, Stiv Jobs, Bil Geyts kabilar shu klublardan chiqqan. Biz sevib o'qiydigan ko'plab yozuvchilar Fransiya, Amerika, Angliya, Rossiyadagi adabiy klublarda yetishib chiqishgan. Book arenada o'ziga xos kitobxonlar klubi shakllanyapti. Keyingi muhokamaga tanlangan asar Oldos Hakslining "Ajib yangi dunyo" si. Roppa rosa bir haftadan keyin uchrashamiz. O'qishga ulgurmasangiz ham bir keling. Ba'zi doimiy ishtirokchilarga muhit shu darajada yoqib qolganki, ular ham o'qiyolmay qolsalarda kelishaveradi, o'zimda ham bir - ikki shunaqa bo'ldi. Loyiha haqida batafsil ma'lumot bu yerda : https://t.me/bookuzbekistan/2470 Barchani kutib qolamiz. @salimov_blogi