Содержимое
'Factfulness', ("Фактологичность") 📖 Bu kitob sizga dunyoga pozitiv nigoh bilan qarashga yordam beradi. Ya'ni muallif sizga "hammasi siz o'ylaganchalik yomon emas", degan fikrni faktlar va statistik ma'lumotlar asosida keltirib beradi. TED tufayli men Hans Roslingning ijodi bilan avvaldan tanish edim: TED Talks|Hans Rosling. Biroq uning ushbu kitobini o'qish yaqindagina nasib qildi. Ushbu kitob boshdan oyoq "dunyo yaxshilanmoqda" g'oyasi atrofida qurilgan va shu g'oyani yetkazib berishga xizmat qiladi: "Dunyo hozirda avvalgidan ancha yaxshiroq va bizning u haqdagi pessimistik fikrlarimiz xato". Biroq muallif xuddi bu narsani isbotlash uchun ba'zi ma'lumotlarni yashirgandek, yoki ba'zi ma'lumotlarni o'zgartirib ko'rsatayotgandek bo'ladi. Gap ushbu ma'lumotlarni qanday qabul qilishda emas. Shunchaki inson nimanidir isbotlash uchun uning ustida yillab ishlasa, u sizga istalgan narsani isbotlab bera oladi. Shunday bo'lsada Rosling dunyoda haligacha yomon ko'rsatkichlar ko'p ekanligini tan oladi. Bu orqali muallif sizni reallikka chaqiradi. Ya'ni, muammolar bor - ularni tan olish kerak (realizm). Lekin dunyoda vaziyat siz o'ylagan darajada yomon emas (optimizm). Optimistik realizm. 'Factfulness' sizga tushkunlikdan chiqishga va dunyo haqidagi negativ, pessimistik fikrlarni chetga surishga va yangi reallikni qabul qilishga yordam beradi. Asossiz optimizm emas, aynan realizm. Iqtisodiyotga, siyosatga va marketingga qiziqadigan insonlar uchun ushbu kitob 'must-read' deb o'ylayman. Ajoyib kitob. Ammo u sizda "wow-effect" paydo qilmasa, hayron qolmayman. Shunday bo'lsa-da, 'Factfulness' sizning dunyoqarashingizga shakl bera oladi. Kitobni o'qiy olmasangiz ham, Hans Roslingning TED ma'ruzalarini bir ko'rib qo'yishni maslahat beraman. Menimcha bu ma'lumotlarni ko'pchilik bilib qo'yishi kerak. ✏️"O'tmishni ideallashtirishdan yiroq bo'ling. Insonlar asosan o'z o'tmishini bo'yab ko'rsatishga moyil bo'lishadi, davlatlar esa o'z tarixini ideallashtirib ko'rsatadi". ✏️"Agar biz dramaga bo'lgan ehtirosimizni jilovlay olmasak, u bizga dunyoni qanday bo'lsa shundayligicha ko'rishimizga halaqit qiladi va bu yanglish fikrlarning manbasiga aylanadi".