帖子内容
Kecha yarim tunda Erdo'g'an hech kimga xabar bermay bitta rasmiy qaror bilan butun boshli universitetni yopdi. Istanbuldagi Bilgi Universiteti Turkiyada ijtimoiy fanlar bo'yicha eng oldi dargohlardan sanalardi. Yolg'on bo'lmasin, men ham aslida uning Qiyosiy Adabiyotshunoslik bo'limida o'qishni istardim, lekin yillik kontrakti 8.000 dollar bo'lganidan keyin jimgina Anqaraga ketaverdim.) Xususiy universitetni qimmatlik bilan ayblolmaymiz, albatta. Yopilish sababi sifatida universitetning egasi bo'lmish qaysidir holdingdagi noqonuniy pul yuvish jinoyatlarini bahona qilishyapti. Lekin akademiyadagi hamma asil sababni bilib turibdi. Turkiyadagi davlat universitetlarida siquvga olingan demokratik, liberal va sekulyar professorlar ko'pincha Bilgiga bosh urib borardi. Bo'limlaridagi domla profili ayni chempionlar ligasiga o'xshardi. Kimdir Harvardda dars bergan, boshqasi Sorbonnaning qaysidir fakultetida dekanlik qilgan va hokazo... 2021-yili Turkiyaning eng hurfikr universiteti bo'lmish Bo'g'ozichiga Erdo'g'an shaxsan o'zi yangi rektor tayinladi. Vaholanki, Bo'g'ozichi qurilgan kunidan beri o'z rektorini o'zi saylar va davlat uning ichki siyosatiga umuman aralasholmasdi. Shu bois Bo'g'ozichini demokratiyaning qal'asi deb atashardi. Keyin esa Erdo'g'an keldi va viloyatlardagi bilim dargohlariga men rektor tayinlayman, sening ulardan nima farqing bor, deb qaysidir tanishini shundoq o'tqazib qo'ydi. Undan avval ham o'z rektorini o'zi saylaydigan Anqara, Yaqin Sharq Texnik va Bilkent kabi liberal universitetlar Erdo'g'anning bu 'qishloqilashtirish' siyosatiga qurbon bo'lgandi. Uning bu qaroriga qarshi chiqqan barcha professor o'qituvchilar ishdan haydaldi, akademiyada ishlashlari ta'qiqlandi. Lekin, haydalgan domlalarning ko'pi shundog'am yaxshi mutaxassis bo'lgani uchun Amerika va Yevropadan osongina ish topdi. Turk universitetlari esa bo'm-bo'sh yo Toyyibning besavod tarafkashlari bilan qolaverdi. Bo'g'ozichi va boshqa universitetlardan ketib, Turkiyada qolgan domlalarning ko'pi Bilgi Universitetidan qo'nim topgandi. Endi u ham yopildi va Turk akademiyasi tom ma'noda avomga taslim bo'ldi. Bugun fakultetda o'tirgan paytim domla yonimga keldi. Yosh avloddan kechirim so'rashimiz kerak, dedi. Davlat Oliy Ta'lim Komissiyasini qurgandayoq qarshi chiqishimiz kerak edi. Biz, ha biz, katta avlod universitetlar erkinligi va suveren muhtoriyatini saqlab qolsak bo'lardi. Endi o'sha komissiya orqali davlat hamma universitetni inkubatorga aylantiradi, dedi. Avval kimgadir aytgandim... Oliy Ta'lim Vazirligi degan vazirlik bor mamlakatda universitet bo'lmaydi. Bunga qarshi chiqqan odamlar esa hamon kommunizm sarqitidan qutulolmagan, umrida tuzuk-quruq akademiya ko'rmagan bechoralar, xolos. @bobil_kutubxonasi