TGINSIGHT CHAT
Oʻzbekoyim
@Uzbekxonim
Bildung“Yangi O’zbekiston” universiteti prorektori, PhD, dotsent Hilola Nazirovaning shaxsiy kanali
Aktuelle Beiträge
Tag: #chorlov · 1 Beiträge
Gepostet 28. Apr.
#chorlov #ulashing Bundan 2 yil avval, Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabida rahbar bo‘lgan vaqtlarim jamoamiz bilan adibning uy-muzeyida “Adabiy laylatul-qadr” kechasini o‘tkazgan edik. Kechamiz fayzli, xayriya auksionimiz barakali, zakovat musobaqamiz esa yorqin lavhalarga boy o‘tgan edi. Maktabdan ketgan bo‘lsam-da, yuragim o‘zbek milliy urf-odatlariga, Abdulla Qodiriy asarlarida tasvirlangan o‘sha go‘zal qadriyatlarimizga tortaveradi. Shu bois, Xondamir aka Qodiriy yana shu kechani takrorlash taklifi bilan chiqqanlarida, bu safar yanada katta marrani ko‘zlash kerakligini o‘ylab, Mohira opa Sultonovaga — “O‘zbekligim – o‘zligim” nodavlat-notijorat tashkilotiga murojaat qildim. Ular chorlovimga “labbay” deya javob berdilar. Bir tomondan, Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi direktori Shoira opa Sodiqova ham iqtidorli o‘quvchilari bilan yana bir mo‘jiza yaratishga kirishdilar. So‘ngida esa axborot hamkori sifatida Inobat Ahatova boshchiligidagi “Oyina.uz” jamoasi ham biz bilan bir safda turishni ma’qul ko‘rdi. Aslida, tadbir g‘oyasi 2025-yilning oktyabr oylaridayoq tug‘ilgan, dastlabki ssenariylar ham yozib bo‘lingan edi. Ammo vaqt, vazifalar va xizmat safarlari sabab bu niyat biroz kechikdi. Endi esa tadbirimizning “xamirini to‘la qorib bo‘ldik”. Qovoqli taklifnoma g‘oyasi ham aynan o‘sha paytda tug‘ilgandi. Biz taklifnoma oddiy bir qog‘oz emas, balki ramz, asarning yaqqol detali va estetik go‘zallik – san’at asari bo‘lishini xohladik. Shu jarayonda asardagi eng rostgo‘y (kimlarningdir nazarida hatto darvish) qahramon – Qovoq devona timsoli tanlandi. Bu personajning ahamiyati shundaki, u hazil aralash gaplari bilan ko‘pchilik ayta olmagan haqiqatlarni ayta olgan. Hatto Otabekning Toshkentda uylangani haqidagi xabar ham aynan shu Qovoq devona orqali tarqaladi. Bizning maqsadimiz – tadbirimiz ham xuddi Qovoq devonadek “Toshkandning barchasiga ma’lum; beklardan, boylardan; qisqasi, shaharning katta-kichigidan o‘ziga ixlosmandlar ortdir”mog‘idir. Shu sabab, siz aziz do‘stlarimizdan ushbu adabiy-ma’rifiy tadbirda faol ishtirok etishingizni, uni yaqinlaringizga ulashishingizni hamda tashkilotlar tomonidan do‘stona hamkor yoki homiy sifatida qo‘llab-quvvatlashingizni samimiy so‘rab qolamiz. Rasmda: Abdulla Qodiriy ijod maktabi o‘quvchilarining ijodi – qovoqlar (Faberje tuxumi emas) Tadbir kuni bo’ladigan milliy QUIZ da qatnashish istagidagi o’quvchi-talablarga deyarli 40% lik chegirma bilan (125 ming so’m) ishtirok etishni taklif etamiz! @Uzbekxonim