TGTGInsightkecerdasan telegramLIVE / telegram public index
← Far·hod·jon
Far·hod·jon avatar

TGINSIGHT POST

Post #775

@farhodjon

Far·hod·jon

Tampilan4,160Jumlah tampilan
Diposting21 Sep21/09/2025, 03.23
Isi postingan

Isi

Engineering Ladder Super Dispatch’da taxminan 20 ta injener bo’lgan paytida professional darajani baholashda ba’zi muammolar paydo bo’ldi: 1. Ishga olishda darajani aniqlash qiyinligi. Odamlarni ishga olayotganda darajani aniq ajratib olishimiz to’g’ridan-to’g’ri byudjet va ishga ta’sir qiladi: junior injenerni senior oyligi bilan olmaslik kerak, albatta. 2. Komandalarda har xil darajalar. Agar injener bir komandada senior, lekin boshqasiga o’tganda middle hisoblansa, bu muammoga olib keladi: sifat talabi har xillashib boradi va bir xil ishni qiladigan odamlar har xil komandalarda turlicha taqdirlanishi mumkin. 3. O’sish uchun aniq ko’rsatma yo’qligi. Bu injenerlar qaysi sifatlarga e’tibor berishi, keyingi darajaga chiqishi uchun aniq ko’rsatmalar olishiga to’sqinlik qiladi. 4. Senior darajasidan keyingi daraja yo’qligi. Senior injenerning keyingi darajasi nima, qanaqa sifatlarni rivojlantirish kerak, kabi savollar tug’ilgan. Bu muammolarning hammasini Software Engineering Ladder yechadi. O’zbekchada karyera zinapoyasi yoki narvoni, deyish mumkin. Maqola davomida shunchaki “narvon” so’zini ishlataman. Xullas, biz ham shunaqa narvon qurishga qaror qildik. Birinchi urinish Birinchi narvonni qurganimizda u juda texnik tomonga va biror narsani bilish-bilmaslikka ko’p e’tibor bilan chiqdi. Masalan, Python dasturchi qo’shimcha yoki yangi freymvorkni bilishi unga bitta sifat qo’shadi. Yoki, QA injener load testing qilishni bilishi ham uni senior qilishi mumkin. Texnik tomondan turli usullar va bilimlarni o’rganish yaxshi. Lekin, bilish - qilishmas. Men bir hafta sarflab Flask’ni o’rganib chiqishim meni seniorga aylantirib qo’ymaydi. Har qanday injener qisqa muddat davomida biror yangi texnologiyani o’rganib olishi mumkin. Ammo, bu uni shu texnologiya bo’yicha tajribali mutaxassisga aylantirmaydi. Bilimdan tashqari injenerlar yaxshi tajribalarni doimiy ishlatishi, ular foydalanuvchi, komanda va kompaniyaga foyda keltirishi ham zarur. Mingta narsani bilib birortasini amalda qo’llamaydigan odam mahsulot quradigan komandalarda foydasiz odamga aylanadi. Ikkinchi urinish Velosipedni qaytadan ixtiro qilmaslikni tanladik. The Manager's Path nomli juda yaxshi kitob bor. Muallif - Camille Fournier - Rent the Runway kompaniyasida CTO sifatida ishlab yurganida injenerlar uchun narvon qilgan (haligacha ochiq turibdi). Bizga kitob ham, narvon ham yoqqan va shuni asos sifatida ishlatishga qaror qildik. Yangi narvon bir nechta sifatlarga e’tibor qaratadi: - Texnik sifatlar - Dexterity - Bajarish qobiliyati - Strength - Ta’sir - Impact - Kommunikatsiya va liderlik - Charisma. Endi faqat biror narsani bilishmas, injenerning topshiriq va loyihalarni bajarishi, hissa qo’shishi, yaxshi kommunikatsiyasi va faolligi o’lchanadigan bo’ldi. Bundan tashqari, bir darajadan ikkinchi darajaga o’tish jarayoni ham o’zgardi. Komanda liderining o’zi shunchaki qaror qabul qilmaydi: nomzod bilan yaqin ishlaydigan, injenerning sifatlarini to’g’ri baholaydigan odamlardan ham fikr olinadigan bo’ldi. Aynan shu narvon yuqoridagi to’rtta muammoni yechdi: 1. Ishga olishda narvondagi sifatlar asosida savollar beriladi va narvon asosida daraja qo’yiladi. 2. Talablar hamma komandalar uchun standart, darajani baholash jarayoni ham aniqlashdi. 3. Har bir injener o’zining narvonida sifatlarni o’rganish jarayonini belgilab borishi, lideri bilan muhokama qilishi mumkin. 4. Senior II, Staff kabi darajalar qo’shildi. Xulosa Albatta, keyinroq narvonni rivojlantirib bordik. Lekin, o’sha paytdagi Super Dispatch uchun aynan ikkinchi narvon juda katta yordam bergan. Injenerlar soni oshgan, bir nechta komandalar paydo bo’lganda shunaqa narvon joriy qilishni qattiq tavsiya qilaman. Kichik komandalar uchun zarurmas, albatta. Ikkinchi narvonga eng katta hissani Bekzod (Telegram,LinkedIn) qo’shgan - o’sha paytdagi Director of Engineering. Dizaynerlarimiz uchun esa Nodirxon narvon qilgan. Quyidagi saytni yaxshi resurs sifatida tavsiya qilaman: progression.fyi - turli (katta) kompaniyalarning karyera freymvorklari (narvonlari). @farhodjon#superdispatch#eng_ladder