@davroncapital · Post #179 · 28.01.2026 г., 05:24
Xitoy O‘zbekistonda endi shunchaki “№1” emas 2023-yilda Xitoy O‘zbekistonda uchta asosiy yo‘nalishda — savdo, investitsiya va biznesda — yetakchiga chiqdi. 2024-yilda bu maqomni mustahkamladi. 2025-yil ham tugadi. Endi gap “kim birinchi” ekani haqida emas. Gap ko‘lam haqida. ⏺ Birinchidan, savdo. Xitoy bilan tovar aylanmasi $17,2 mlrdga yetdi — o‘sish 36 foiz. Taqqoslash uchun: Rossiya bilan savdo 8,4 foizga o‘sdi, Turkiya bilan esa qisqardi. ⏺ Ikkinchidan, biznes. Bugun O‘zbekistonda Xitoy kapitali ishtirokidagi 5 044 ta kompaniya bor — bu bir yil oldingidan 50,2 foizga ko‘pdir. Taqqoslash uchun: Rossiya ishtirokidagi kompaniyalar +8%, Turkiya bilan +17%. ⏺ Uchinchidan, investitsiya va kreditlar. Bu yerda eng kuchli o‘zgarish: Xitoyning ulushi 40 foizga yaqinlashdi. Bu Rossiya va Turkiyani qo‘shib hisoblagandan ham bir necha barobar ko‘pdir. Ya’ni gap Xitoyning birinchi bo‘lib qolganida emas — bu endi yangilik emas. Gap shundaki, Xitoy ko‘lami va ta’siri bo‘yicha “hamkorlardan biri” darajasidan chiqib, asta-sekin infratuzilma darajasiga o‘xshab boryapti. Bu “yaxshi” yoki “yomon” deb kesib aytiladigan narsa emas — ikkala tomoni ham bor. Ijobiy tomoni: O‘zbekistonga hozir hajm, tezlik va uzoq muddatli pul kerak. Xitoy buni bera oladi — va eng muhimi, berishga tayyor. Rossiya va Turkiya? Ular hozir ko‘proq o‘z ichki muammolari bilan band, resurs ham, fokus ham cheklangan. Salbiy tomoni: bitta hamkor juda kattalashib ketsa, tizim sezuvchan bo‘lib qoladi. Hhar qanday o‘zgarish (bozor, siyosat, risklar, pul narxi) avvalgidan kuchliroq uradi. Shuning uchun gap Xitoyni “cheklash” yoki “to‘xtatish”da emas (bu na kerak, na real). Masala — boshqalarni qanday ko‘proq jalb qilishda. O‘zbekistonning JSTga intilishi, Yevropa, AQSH va boshqa bozorlar tomonga faollashuvi ham ko‘p jihatdan shundan. Ya’ni doirani kengaytirish — o‘sish bitta hamkorga qattiq bog‘lanib qolmasligi uchun. Hozircha bu reja amalga oshadimi yo‘qmi aytish qiyin, biroq 2026-yil bu borada burilish nuqtasi bo‘lishi mumkin. @beshtorr #iqtisodiyot
Hashtags