TGTGInsightintelligentia telegramLIVE / telegram public index
Redi ad canales
Teacher Azam avatar

TGINSIGHT CHAT

Teacher Azam

@TeacherAzam

Educatio

TEACHER AZAM (Qahramoniy) 👨🏼‍💻 Oʻzimizning chat guruhimiz bor, baʼzi-baʼzida men ham yozib turaman 👉t.me/Teacherazamchat 🚩Instagram: 👉instagram.com/teacherazam ☎️ Englify online maktabim: +998781136969 ☎️ Reklama va taklif uchun: 👉+998 97 831 11 11

Subscriptores4.0万Numerus subscriptorum hodiernus
Scripta custodita1,011Scripta numerata
Attingentia recens168,900Visiones scriptorum recentium
Scripta recentia

Scripta recentia

Pag. 6 de 85 · 1,011 scripta

Editum Apr 7

Biz Chevroletiston ekanmiz Nimaga bunaqa deyapman? The Economist Xitoy butunlay monopoliyadan iborat bozorimizga qanday kirib kelgani haqida maqola chiqaribdi. 🇺🇿 O‘zbekistonni dunyodagi eng g‘alati avtomobil bozori deb ham atagan. Sababini esa bizdagi avtomobillarning 83 foizi bitta brendga - Chevroletga tegishli ekanida, yana aksariyati oq rangda. Bunday bo‘lishiga sabab 1990-yillarning o‘rtalarida UzDaewoo, keyinchalik esa General Motors bilan tuzilgan kelishuvlarga ko‘ra, hukumat mahalliy avtosanoatni giper-proteksionizm (o‘ta kuchli himoya) siyosati bilan qoplab olgan. 🏎 Chet eldan import qilinadigan mashinalarga shu qadar baland bojxona to‘lovlari va soliqlar o‘rnatilganki, xorijiy avtomobil oddiy xalq uchun yeta bo‘lmas orzuga aylangan. Oqibatda xalq deyarli o‘ttiz yil davomida tanlovsiz qoldi. Odamlar avtosalonlarda oylab navbat kutib, faqatgina mahalliy mashinalarni xarid qilishga majbur bo‘ldi. Ko‘p yillik monopoliyadan keyin Xitoy bizning bozorga kirib kelishni boshladi. Bunga sabablar esa quyidagilar 1. Elektromobillar uchun imtiyozlar Hukumat ekologiyani yaxshilash va jahon trendiga moslashish maqsadida elektromobillar importi uchun bojxona to‘lovlarini nolga tushirdi (yoki keskin kamaytirdi). Xitoyliklar bu imkoniyatdan foydalanib, arzon, texnologiyaga boy va qulay elektromobillarini bozorimizga kiritdi. Boj yo‘qligi sababli, narxlar raqobatbardosh bo‘lib qoldi. 2. Mahalliylashtirish (BYD zavodi) UzAuto Motors tarixida birinchi marta o‘zining jismoniy raqobatchisiga duch keldi. Xitoyning elektromobil giganti BYD Jizzaxda o‘z zavodini ishga tushirdi. Bu endi oddiy import emas, mamlakat ichidagi ishlab chiqarish raqobati boshlanganini anglatadi. 3. Xalqning charchashi O‘zbeklar yillar davomida narxi muntazam oshayotgan, qulayliklari cheklangan va uzoq kuttiradigan mahalliy mashinalardan charchagan edi. Xitoy esa bizga zamonaviy dizayn, xavfsizlik va asosiysi — tanlov erkinligi nima ekanini eslatib qo‘ydi. Ayni paytda O‘zbekiston Jahon Savdo Tashkilotiga (JST/WTO) a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Agar a’zolik amalga oshsa, davlat o‘zining eski proteksionizm (yopiq bozor) siyosatidan bosqichma-bosqich voz kechishiga to‘g‘ri keladi. 🇨🇳 Monopoliya davri tugab, haqiqiy bozor iqtisodiyoti qonunlari ishlay boshlaydi. Xitoy brendlari esa bu poygada allaqachon start chizig‘idan oldinga o‘tib, o‘zbek bozorini egallashga ulgurmoqda. BYD’si bor tanishlarga jo‘natib qo‘ying 😁 @teacherazam

13,500 views

Editum Apr 6

1941-yilda Ikkinchi Jahon urushiga kirishni AQSh xalqining 97 foizi qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, bugun, 2026-yilga kelib, Erondagi harbiy harakatlarni yoqlayotganlar atigi 41 foizni tashkil qilmoqda. Bu AQSh tarixidagi eng past anti-ko‘rsatkich Nega dunyoning eng qudratli armiyasiga ega bo‘lgan davlat fuqarolari endi tashqi harbiy aralashuvlardan bu qadar charchadi? Bu haqida New York Times ajoyib maqola e’lon qilgan ekan. Men sizga uni tushuntirib beraman. 1️⃣ Hukumat bergan va’dalarining ustidan chiqmadi Amerikaliklarning urushni qo‘llab-quvvatlashi Iroq va Afg‘onistondan so‘ng pasaygan. Sababi, 2001-yil 11-sentabr teraktidan keyin xalq g‘azab va qasos hissi bilan Afg‘onistonga urush ochilishini 92% ovoz bilan yoqlab bergan edi. Xuddi shunday, 2003-yilda Iroqqa “ommaviy qirg‘in qurollari bor” degan bahona bilan bostirib kirilganda ham xalq (76%) bunga ishonib hukumatga ruxsat bergandi. 20 yillik Afg‘oniston urushi trillionlab dollar zararga, minglab amerika askarlarining o‘limiga va oxir-oqibat qo‘shinlar sharmanda bo‘lib chiqib ketishiga olib keldi. Iroqdan esa hech qanday “qirg‘in quroli” topilmadi. Xalq o‘zining siyosiy elitalari tomonidan aldanilganini, urushlar asosan neft korporatsiyalari va qurol ishlab chiqaruvchilar boyishi uchun qilinganini tushunib yetdi. Shu sababli endi urush degan so‘z ularda patriotizm emas, balki g‘azab uyg‘otmoqda. 2️⃣ Eron voqeasi 2026-yilga kelib Eron bilan bo‘layotgan mojaroga amerikaliklarning atigi 41 foizi rozi bo‘lyapti. Nega? Chunki oddiy amerikalik ishchi o‘ylayapti: “Eron mening uyimga hujum qildimi? Yo‘q. Menga xavf solyaptimi? Yo‘q. Unda o‘zimizdan 10 ming kilometr uzoqlikdagi davlatga borib urushishdan bizga nima foyda?‘ Odamlar aniq maqsadi va qachon tugashi noma’lum bo‘lgan janjallarga qo‘shilishni xohlamaydi. 3️⃣ O‘zingnikini yaxshilab qo‘y Eng muhim faktorlardan biri — bu inflyatsiya va tirikchilik. Xalqni geopolitika, strategik ustunlik yoki xorijdagi demokratiya kabi balandparvoz gaplar qiziqtirmay qo‘ydi. Oziq-ovqat narxi oshib, uylarning ijarasi qimmatlab ketayotgan bir paytda, amerikaliklarni faqatgina o‘z daromadlari qiziqtiradi. Boshqa davlatlarni bombardimon qilishga milliardlar sarflaguncha, mamlakat ichidagi yo‘llarni o‘ngla, tibbiyotni arzon qil, degan kayfiyat jamiyatda yuribdi. Amerikada hamma narsa qimmatlashib boryotgani haqida postlarimiz ko‘p anaqqisa ) 4️⃣ Axborot ochiqligi 1940 yoki 1950-yillarda axborot to‘liq hukumatning monopoliya qo‘lida (radio va gazeta) bo‘lgan. Tashviqot (propaganda) osongina odamlar ongiga singdirilgan. Bugun esa smartfonlar orqali odamlar urushning dahshatlarini, halok bo‘layotgan begunoh insonlarni va rasmiy kanallar aytmaydigan ikkinchi tomon haqiqatlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rmoqda. Bu narsa jamoatchilik fikrining bo‘linib ketishiga olib keldi. Shunaqa gaplar, bu ketishda bo‘lsa, xalq hukumatga ishonmay qo‘yadi Yaqinlaringizga ulashib qo‘ying @teacherazam

13,200 views

Editum Apr 5

Nega Gollivud yangi kino olishdan qo‘rqadi? Bugungi kunda Netflix, YouTube kabi onlayn platformalar (striminglar) paydo bo‘lgach, ko‘pchilik kinoteatrga borishni yig‘ishtirib qo‘ydi. Uyda, yumshoq divanda mazza qilib yotib kino ko‘rish arzonroq va qulayroq. Lekin shunga qaramay, ba’zi filmlar kinoteatrlarning o‘zida qariyb 3 milliard dollar pul topmoqda. Hozir tushuntirib beraman. Mana bu yerda esa eng ko‘p daromad qilgan kinolarning ro‘yxatini ko‘rsangiz bo‘ladi 1️⃣ Jeyms Kemeron nega doim yutadi? Dunyoda atigi 7 ta kino 2 milliard dollardan ko‘p pul topgan bo‘lsa, shulardan 3 tasi bitta odamga — Jeyms Kemeronga tegishli ikkita Avatar va Titanik. Uning siri nimada? Uning filmlaridagi maxsus effektlar (3D suv osti dunyosi, kemaning cho‘kishi) shunchalik kattaki, ularni telefonda yoki televizorda ko‘rishdan ma’no yo‘q. Tomoshabin bu effektni his qilish uchun albatta bahaybat ekranli (IMAX) kinoteatrga borishga va qimmatroq chipta sotib olishga majbur bo‘ladi. Shuning uchun uning filmlari milliardlab daromad keltiradi. 2️⃣ Franshizalar davri Top-20 talikdagi eng ko‘p pul topgan filmlarning 18 tasi bu franshizalar — ya’ni oldingi mashhur kinolarning davomi (Spider-Man, Frozen 2), remeyki (Lion King) yoki tayyor kompyuter o‘yinlarining kinosi (Super Mario, Barbie). Hech qanday yangi, original g‘oya yo‘q! Bugungi kunda bitta katta kino olish uchun studiya 300-400 million dollar sarflaydi. Va yana shuncha pulni uning reklamasi (marketingi) uchun ishlatadi. Jami 1 milliard dollarga yaqin xarajat! Hech qaysi biznesmen shuncha pulni odamlar tanimagan yangi qahramon yoki yangi ssenariyga tikishni xohlamaydi — bankrot bo‘lish xavfi juda katta. Shuning uchun ular kafolatlangan usulni tanlaydilar: odamlar bolaligidan taniydigan nostalgiya (Mario, Barbi, Spiderman) yoki oldindan millionlab tayyor fanatlari bor brendlar (Marvel, Yulduzlar Jangi). Odamlar o‘zlariga tanish narsani ko‘rish uchun teatrga aniq keladi. 3️⃣ Xitoy ham o‘z qoidalarini o‘rnatmoqda Ro‘yxatdagi yagona Amerika kinosi bo‘lmagan asar — Xitoyning 2025-yilda chiqqan “Ne Zha 2 animatsiyasidir. U $2,26 mlrd daromad qilgan. Xitoyda dunyodagi eng ko‘p aholi va eng ko‘p kinoteatrlar tarmog‘i mavjud. O‘z vaqtida Gollivud Xitoy bozoriga kirish uchun filmlariga xitoylik aktyorlarni qo‘shishga, ssenariylarni Xitoy hukumatiga yoqadigan qilib yozishga majbur bo‘lardi. Ammo endi Xitoy o‘zining ichki bozori bilan, hech qanday Amerika yordamisiz, bemalol 2 milliard dollar ishlash darajasiga yetib keldi. Bu dunyo kinosanoati markazi G‘arbdan Sharqqa ham ko‘chayotganini bildiradi. Zamonaviy kino olamida san’at o‘z o‘rnini qat’iy iqtisodiy formulalarga bo‘shatib bergan. Eng ko‘p daromad keltiruvchi filmlar — bu original san’at asarlari emas, balki qayta dizayn qilingan franchsizalar hisoblanadi. Kinoni yaxshi ko‘radigan do‘stlaringizga jo‘natib qo‘ying @teacherazam

13,100 views

Editum Apr 4

Yevropada ish bilan bog‘liq vaziyat qanday? Xaritaga qarasak, Yevropada asosan ikki xil davlatlarni ko‘ramiz: birida odamlar ish topa olmay sarson, ikkinchisida zavodlar ishchi topa olmay sarson. Nega bunday? 1️⃣ Rossiya (2,2% ishsizlik). Ish o‘rni ko‘p, lekin ishlaydigan odam yo‘q Rossiyada ishsizlik juda past. Ammo bu mamlakat iqtisodiyoti gullab-yashnayapti degani emas. Asl sababi urush. Juda ko‘p erkaklar urushga ketdi, yana yuz minglab o‘qimishli yoshlar chet elga qochib ketdi. Zavodlar esa kechayu-kunduz ishlashi kerak. Oqibatda ishchilar yetishmay qoldi. Shuning uchun ko‘chada bekorchi odamning o‘zi qolmadi, hammani ishga tortishmoqda. 2️⃣ Finlyandiya (10,2%). Nega eng baxtli davlatda ishsizlik eng yuqori? Sababi Finlyandiya iqtisodiyoti so‘nggi yillarda turg‘unlikka (retsessiyaga) yuz tutdi. Ularning asosiy eksport bozorlaridagi pasayish hamda ichki bozorda qurilish sohasining to‘xtab qolishi bunga katta ta’sir qildi. Bundan tashqari, ularning mehnat bozorida tarkibiy nomutanosiblik bor ya’ni bo‘sh ish o‘rinlari ko‘p, lekin ishsiz yurganlarning mutaxassisligi (skills) bu o‘rinlarga mos kelmaydi. 3️⃣ Janubiy Yevropa va Fransiya Ispaniya (9,8%), Fransiya va Gretsiya (7,7%). Garchi Italiya (5,1%) inqirozdan beri yoshlar ishsizligini 40% dan 20% ga tushirib katta yutuqlarga erishgan bo‘lsa-da, Janubiy Yevropa hamon ishsizlik eng yuqori joy bo‘lib qolmoqda. G‘arbiy va Janubiy Yevropada kasaba uyushmalari (profsoyuzlar) o‘ta kuchli va mehnat qonunchiligi xodimlarni himoya qilishga qattiq moslashgan. U yerda xodimni ishdan bo‘shatish juda qiyin va kompaniyaga qimmatga tushadi. Shu sababli, ish beruvchilar doimiy shartnoma bilan yangi xodimlarni ishga olishga qo‘rqishadi. Shuningdek, Ispaniya va Gretsiya kabi davlatlar asosan turizm va qishloq xo‘jaligiga tayanadi, bu esa ish o‘rinlarining mavsumiy bo‘lishiga (qishda ishsizlik ortishiga) olib keladi. 🔢 Yevropa mehnat bozori haqiqatan ham bir xil emas. Raqamlarning pastligi doim ham kuchli iqtisodiyotni (Rossiya misolida), yuqoriligi esa mutlaq qashshoqlikni (Finlyandiya misolida) bildirmaydi. Har bir foiz ortida o‘sha davlatning o‘ziga xos mehnat qonunlari, geosiyosiy mojarolari, demografik holati va global iqtisodiyotdagi o‘zgarishlar yotibdi. Manba Yevropaga ishlash uchun ketmoqchi bo‘lgan tanishlaringizga jo‘natib qo‘ying @teacherazam

12,500 views

Editum Apr 4

Ingliz tili o'rganishda hammada uchraydigan muammo bor ⏪Intizomsizlik⏩ Yechimi bor, lekin avval muammoning sababiga qarash kerak. Intizomsizlikning sababi intizomsizlik bo'lmaydi. Ko'p holatlarda to'g'ri tizim yo'qligi intizom buzilishiga olib boradi. To'g'ri tizim bo'lmasa: • darslar zeriktiradi, bezdiradi, • natijangizni, o'sayotganingizni aniq ko'rolmaysiz, • biror narsa o'rganishdagi asosiy maqsad chetda qolib ketadi. Shunday qilib intizom buziladi va boshlangan ish yarmida tashlab ketiladi. Tanish holatmi? Xulosa: Intizomni to'g'rilash uchun tizimimizni to'g'rilashimiz kerak. Englify'dagilar aynan shu mavzu bo'yicha videodarslik tayyorlashibdi. Videoni ko'rish: 👇 📹Ingliz tili o’rganish uchun eng samarali tizim Muammolarni aynan nuqtasiga urishgan. Ingliz tili yoki boshqa istalgan yo'nalishni o'rganishda foydasi tegadi. Tavsiya qilaman. @teacherazam

25,000 views

Editum Apr 3

Amerikaning 50 yillik transformatsiyasi 🇺🇸 2026-yilning iyul oyida Amerikano‘zining 250 yilligini nishonlaydi. Bugungi Amerikani 50 yil oldingi si(1976-yildagi) bilan solishtirsak, huddi ikkita alohida davlatni ko‘rgandek bo‘lamiz. Statistika shuni ko‘rsatmoqdaki, AQSh jamiyati demografik, iqtisodiy va oilaviy qadriyatlar jihatdan butunlay o‘zgargan. Keling, bu o‘zgarishlarning tub sabablarini tahlil qilamiz. Tub aholi kamayib, immigrantlar ko‘paymoqda So‘nggi 50 yil ichida AQSh aholisi 120 million kishiga o‘sib, 340 millionga yetdi. Lekin bu o‘sish tub aholi hisobiga emas, balki asosan immigrantlar (muhojirlar) hisobiga yuz berdi. 1970-yilda AQShda chet elda tug‘ilganlar atigi 4,7% ni tashkil qilgan bo‘lsa, bugun bu ko‘rsatkich 14,8% ga yetgan. Lotin amerikaliklar va osiyoliklar soni keskin oshgan. Sababi 1965-yilda AQShda Migratsiya qonuni o‘zgarib, Yevropadan tashqari qit’alardan ham odamlar kelishiga keng yo‘l ochildi. Keyingi o‘n yillikda AyTi va texnologiyalar rivojlanishi Hindiston va Xitoydan ko‘plab aqlli kadrlarni (H1B vizasi orqali) jalb qildi. Lotin Amerikasidan bo‘lganlar esa geografik yaqinlik sababli arzon ishchi kuchi sifatida kirib keldi. O‘rta sinfning yo‘q bo‘lishi 1970-yillarda AQShda “Amerika orzusi” degan tushuncha kuchli edi: oddiy zavod ishchisi (o‘rta sinf vakili) bitta oyligi bilan katta uy sotib olishi, 2 ta mashina minishi va oilasini bemalol boqishi mumkin edi. Bugun esa o‘rta sinf qisqargan. Boylar yanada boyib, ko‘pchilik kambag‘al sinfga o‘tib qoldi. Sababi AQSh sanoat iqtisodiyotidan axborot iqtisodiyotiga o‘tdi. Zavodlar yopildi va ular arzon ishchi kuchi izlab Xitoy va Meksikaga ko‘chib ketdi. Natijada oddiy ishchilar ishsiz qoldi. Bugungi kunda faqat oliy ma’lumotli mutaxassislar (AyTi, tibbiyot, moliya) katta pul topyapti (oliy ma’lumotlilar soni 11% dan 37% ga oshgan). Ta’limi yo‘qlar esa xizmat ko‘rsatish sohasida (kurer, ofitsiant, taksist) arzon maoshga ishlashga majbur. Oilaviy inqiroz 1970-yilda aholining 69 foizi qonuniy nikohda yashagan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich bor-yo‘g‘i 50% ni tashkil etmoqda. Ayollar o‘rtacha 3 ta o‘rniga 2 ta (yoki umuman yo‘q) farzand ko‘rmoqda. Sababi ayollar huquqlari va ta’limi keskin oshdi. Ayollar endi uy bekasi bo‘lish o‘rniga karyera qilishni tanlamoqda. Ikkinchidan, iqtisodiy sabablar. AQShda bolani katta qilish, unga tibbiy sug‘urta to‘lash va ayniqsa kollejda o‘qitish o‘ta qimmatlashib ketgan. Yoshlar uylanish yoki farzand ko‘rishdan oldin katta moliyaviy zaxira to‘plashga harakat qiladi va ko‘pincha bu narsa 30-35 yoshlarga qadar kechikadi. Xulosa 50 yil ichida AQSh fabrikalar va oddiy o‘rta sinf davlatidan, ulkan texnologik va moliyaviy imperiyaga aylandi. Ammo bu taraqqiyot jamiyatni kuchli tabaqalarga bo‘lib yubordi. Boylik va sifatli hayot endi faqat kuchli ta’lim va raqobatbardosh kasb egalarigagina nasib etmoqda. Do‘stlaringizga ulashib qo‘ying @teacherazam

13,100 views

Editum Apr 2

📱 Instagram’dagi mana shu qiziq reklamaga ko‘zim tushib qoldi va internetdan u bilan bog‘liq qiziq keyslarni izlab o‘qib chiqdim. Birinchi videoning o‘ziga to‘xtalsak, juda kreativ ishlangan. Eng mashhur futbolchilarni: Mbappe, Messi, Ronaldo va Vini Jr bitta stol atrofida birlashgan. Ular JCH2026 kubogi ustiga o‘zlarining lego o‘yinchoqlarini qo‘yishga harakat qillishmoqda, lekin ssenariy oxirida boshqacha tarzda tugadi. ⚽️ LEGO bu bilan 2026-yilgi Jahon chempionati oldidan sport ixlosmandlari uchun haqiqiy bomba yangilik qildi. Xo‘sh, nima uchun LEGO aynan shunday loyihaga qo‘l urdi? Buning ortidagi sabablar va marketing sirlari qanday? 1️⃣ 2026-yilgi Jahon chempionati haypi Navbatdagi Jahon chempionati AQSh, Kanada va Meksikada o‘tkaziladi va u tarixondagi eng ulkan turnir bo‘lishi kutilmoqda. LEGO esa bu tarixiy hodisadan ancha oldinroq (trend boshlanmasidanoq) foydalanib qolishni reja qilgan. Ular futbol madaniyatini o‘zlariga tortib, chempionatga qadar bozorning katta qismini egallab olishmoqchi. 2️⃣ “Kidults” (Katta yoshli bolalar) trendi E’tibor bergan bo‘lsangiz, to‘plamlar faqat bolalar uchun emas, 10+ va 14+ yoshlilar (kattalar) uchun ham mo‘ljallangan. Bugungi kunda LEGO daromadining juda katta qismini bolaligida LEGO o‘ynab katta bo‘lgan, hozirda o‘z puli bor kattalar (AFOL - Adult Fans of LEGO) tashkil qiladi. Erkaklarning eng katta qiziqishi bo‘lgan futbolni LEGO bilan birlashtirish — millionlab dollarlik savdo degani. 3️⃣ Bir eraning oxiri: Messi va Ronaldo 2026-yilgi turnir Ronaldu va Messi uchun, katta ehtimol bilan, so‘nggi Jahon chempionati bo‘ladi. Oxirgi 15 yil davomida dunyoni ikkiga bo‘lgan bu buyuk raqobat tugayapti. LEGO bu ikki afsonani o‘zining “Futbol afsonasi” to‘plamlarida tarixga muhrlab, muxlislarga ularning xotirasini uylarida saqlab qolish imkonini beryapti. 4️⃣ Avlodlar almashinuvi: Mbappe va Vini Jr. Kolleksiyaga faqat faxriylar emas, bugungi kunning eng yorqin yosh yulduzlari — Kilian Mbappe va Vinisius Juniorning qo‘shilishi ham bejiz emas. Agar Ronaldu va Messi katta avlod muxlislarini jalb qilsa, Mbappe va Vini bugungi yosh bolalar (Gen Z va Alfa avlod) e’tiborini tortadi. Shu orqali LEGO barcha yosh toifalarini to‘liq qamrab olyapti. Bu postni futbolni yaxshi ko‘radigan yaqinlaringizga jo‘natib qo‘ying @teacherazam

15,000 views

Editum Apr 1

Mart oyida qanday kontentlar chiqardim? 1. O‘rmonlarni kesish kamaymoqda 2. Google’dan qancha ma’lumot o‘chirib tashlangan? 3. Xalqi ishonmaydigan davlat 4. Siz ham o‘zingizni yaxshi isnon deb o‘ylaysizmi?⭐️ 5. Odamlarni o‘z yurtining nimasi bilan faxrlanadi? 6. Ayollar ham rahbarlik rollarida 7. AQSh administratsiyasi haqida xalq qanday fikrda? 8. Podkast eshitish radio eshitishdan o‘tib ketdi 9. Yevropada energiya taqsimoti qanday? 10. Dunyoda kinoteatrga tushish madaniyati qanday o‘zgaryapti? 11. Amerikaliklar AI ularning hayotiga kirib kelayotganidan xavotirda 12. Odamlar kamroq turmush va kechroq turmush quryapti 13. Netflix’ga sotilgan AI kompaniya 14. 2026-yilgi Oskar mukofotining asosiy xulosalari 15. Tilingiz sizni soxta shaxsiyatga qamab qo‘yadi⭐️ 16. NVIDIA qanchalik katta? 17. Ingliz tili internetning rasmiy tiliga aylanib ulgurgan 18. Chekish qancha odamni o‘ldirdi? 19. Plastik zararaini qanday kamaytiramiz? 20. Amerikadagi eng zo‘r ish joylari qaysilar va ularning siri nimada? 21. O‘zbekistonda kuryerlarga nisbatan jamiyatning munosabati 22. Amerikadagi savdo markazlariga yana jon kiryapti 23. Dunyodagi eng baxtli odamlar qayerda yashaydi? 24. Xitoy qanday qilib bunchalik tez qarib qoldi? 25. Ruminiya fojiasi 26. Eronning kuchi nimada? 27. Nega Islandiya xalqi dunyoda eng ko‘p antidepressant ichadi? 28. Ish o‘rinlari Amerikada kamayib ketdi @teacherazam

13,000 views

Editum Mar 31

Iqtisodiyotda kutilmagan hodisa yuz beryapti: 2026-yilning fevral oyida AQSh iqtisodiyoti 60 000 ta yangi ish o‘rni yaratish o‘rniga, naqd 92 000 ta ish o‘rnini yo‘qotdi. Ishsizlik darajasi esa 4,4 foizga (7,57 million kishi) o‘sdi. 🇺🇸 Ko‘pchilik uchun 4,4 foiz katta raqamdek tuyulmasligi mumkin (ayniqsa, pandemiyaning eng yomon davrida bu raqam 24 millionga yetganini hisobga olsak). Ammo iqtisodchilar va tahlilchilarni xavotirga solayotgan narsa raqamning o‘zi emas, balki o‘zgarish yo‘nalishidir. COVID’dan keyingi 4 yillik barqarorlik tugab, mehnat bozori sekin-asta dars keta boshladi. Nima uchun ish o‘rinlari qisqarmoqda? Demografik o‘zgarishlar va iqtisodiy moslashuvlar sabab deyilgan, biroq buning ortida aniq va jiddiyroq sabablar yotibdi: 1️⃣ Yuqori foiz stavkalari: Oxirgi yillarda AQSh Markaziy banki inflyatsiyani (narxlar o‘sishini) jilovlash uchun foiz stavkalarini juda yuqori darajada ushlab turdi. Qimmat kreditlar korxonalarning rivojlanishini tormozladi. Kompaniyalar esa xarajatlarni qisqartirish maqsadida ishchilarni ishdan bo‘shata boshladi. 2️⃣ Sun’iy intellektning daxshatli ta’siri: Garchi matnda xizmat ko‘rsatish sohasi SI ga bardosh berdi deyilgan bo‘lsa-da, 2025-2026 yillarga kelib sun’iy intellekt yirik IT, dizayn, tahlil va mijozlarga xizmat ko‘rsatish sohalarida minglab ofis xodimlari o‘rnini egallay boshladi. 3️⃣ Pandemiyadan keyingi normallashish: COVIDdan so‘ng kompaniyalar vahima bilan haddan tashqari ko‘p xodimlarni ishga olib qo‘ygan edi. Hozirgi qisqarishlar qisman o‘sha ko‘payib ketgan shtatda ishlaydganlarni normal holatga qaytarish jarayonidir. Nega vaziyat aynan 2006-yil bilan solishtirilmoqda? 2006-yilda ham ishsizlik xuddi hozirgidek 7 million atrofida edi va iqtisodiyot gullab-yashnayotgandek ko‘rinardi. Lekin bu osonlikcha sezilmaydigan kichik o‘sishlar oradan 2 yil o‘tib, 2008-yildagi Buyuk Moliyaviy Inqirozga aylanib ketdi. 💯 Iqtisodiyotda shunday qonuniyat bor (Sahm qoidasi): Agar ishsizlik darajasi oxirgi bir yildagi eng past ko‘rsatkichidan atigi 0,5 foizga oshsa, bu iqtisodiy inqiroz allaqachon boshlanganidan dalolat beradi. Odamlar ishsiz qolgach, do‘konlardan kamroq narsa sotib oladi. Xarid kamaygach, zavodlar mahsulot ishlab chiqarishni to‘xtatadi va yana ishchilarni haydaydi. Bu xuddi qor ko‘chkisi kabi jarayonni tezlashtirib yuboradi. AQSh mehnat bozori faqat amerikaliklarning muammosi emas. Bizniki ham. Agar AQShda ishsizlik o‘sib, iqtisodiy inqiroz boshlansa: — Neft va oltin kabi xomashyolarga talab pasayib, narxlar o‘zgarib ketishi mumkin. — Jahon savdosi sekinlashadi, bu esa rivojlanayotgan davlatlar (shu jumladan bizning mintaqa) eksportiga salbiy ta’sir qiladi. — Dollarning qadri o‘ynashi butun dunyodagi valyuta bozorlarida beqarorlikni yuzaga keltiradi. ❗️ Shuning uchun ham, 2026-yil fevralidagi bu kichik o‘sishchani oddiy statistik tebranish deb e’tiborsiz qoldirib bo‘lmaydi. Bu kelayotgan katta to‘fonning birinchi shabadachasi bo‘lishi mumkin. @teacherazam

13,300 views

Editum Mar 30

Nega Islandiya xalqi dunyoda eng ko‘p antidepressant ichadi? Bu ular hammadan baxtsiz deganimi? 🇦🇽 Statistikaga qarasak, g‘alati va biroz qo‘rqinchli bir manzaraga duch kelamiz: Islandiyada aholining naqd 16 foizi har kuni antidepressant (tushkunlikka qarshi dori) qabul qiladi! Bu degani, ko‘chada ketayotgan har 10 ta islandiyalikdan kamida bittasi doimiy ravishda shu dori bilan yashaydi. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha Islandiya butun dunyoda yaqqol peshqadam. Taqqoslash uchun: OECD davlatlari orasida eng oxirgi o‘rinlarda turadigan Latviya yoki Janubiy Koreyadan bu naqd 7,5 baravar ko‘p. Xo‘sh, iqtisodiyoti eng barqaror, dunyodagi eng xavfsiz va boy davlatlardan biri bo‘lgan Islandiyada nima uchun odamlar shunchalik ko‘p ruhiy yordam dori-darmonlariga muhtoj? 1️⃣ Tabiat va geografiyaning injiqliklari Islandiya xaritada juda shimolda joylashgan. Qish oylarida bu yerda quyosh nuri atigi 4-5 soatgina ko‘rinadi, xolos. Odamlar ertalab ishga ketayotganda ham qorong‘u, ishdan qaytayotganda ham qorong‘u bo‘ladi. Tibbiyotda bu holat “Mavsumiy affektiv buzilish” (SAD - Seasonal Affective Disorder) deb ataladi. Quyosh nurining yetishmasligi miyada kayfiyatni ko‘taruvchi serotonin gormoni ishlab chiqarilishini keskin tushirib yuboradi. Odam doimiy o‘zini horg‘in, uyqusiragan va tushkun his qiladi. Bunga kuchli sovuq va doim uydan chiqmay o‘tirishga majbur bo‘lish ham qo‘shilgach, odamlarda depressiya rivojlanishi juda tabiiy holatga aylanadi. Buyuk Britaniya, Kanada va Shvetsiya kabi davlatlarning ushbu reytingda kuchli o‘ntalikda turishining asosiy sababi ham qisman shu geografik va iqlimiy omilga borib taqaladi. 2️⃣ Aslida gap kasallikning ko‘pligida emas, unga bo‘lgan munosabatda! Keling, masala qiziq tomoniga o‘tamiz. Islandiya, Avstraliya yoki Britaniyada odamlar juda ko‘p antidepressant qabul qilar ekan, bu ular dunyodagi eng psixik kasal yoki baxtsiz xalq ekanligini anglatadimi? Mutlaqo yo‘q! Bu statistika kasallikning qanchalik ko‘pligini emas, balki davolanishning qanchalik zo‘r yo‘lga qo‘yilganligini ko‘rsatadi. Nega Latviyada yoki Sharqiy Yevropa (qolaversa bizning mintaqa) davlatlarida bu ko‘rsatkich juda past? Chunki bizda ruhiy salomatlik — bu “uyatli” narsa hisoblanadi. 🇺🇿 Bizning mentalitetda odam psixolog yoki psixiatrga borsa, uni darrov “jinni bo‘lib qolibdi” degan tamg‘a (stigma) bilan siylashadi. Tushkunlikda yurgan odamga dori ichish emas, balki “Ko‘proq aylan, siqilma, sabr qil” degan bepul “maslahatlar” beriladi. Oqibatda, depressiyaga tushgan odam oxirigacha chidaydi, shifokorga bormaydi va statistikaga ham kirmaydi. Ingliz-Skandinaviya davlatlarida sog‘liqni saqlash tizimi shunday tuzilganki, ruhiy salomatlik ham xuddi tish og‘rig‘i kabi oddiy kasallik sifatida qabul qilinadi. • Odamlar tushkunlikni yashirmaydi, yordam so‘rashdan uyalmaydi. • Bemor psixoterapevtga borsa, buni davlat sug‘urtasi qoplab beradi (davolanish arzon yoki bepul). • Shifokorlar har qanday holatda ham o‘z-o‘zini davolashga emas, aynan tasdiqlangan va xavfsiz retsept asosidagi dori-darmonlarga yo‘naltiradi. ❗️ Agar qaysidir davlatda antidepressant ko‘p ichilayotgan bo‘lsa, bu o‘sha davlatda inqiroz bor degani emas. Aksincha, bu jamiyat ruhiy salomatlikni ochiq muhokama qila oladigan, muammoni vaqtida aniqlab, mutaxassis yordamidan uyalmaydigan darajada sog‘lom fikrlashga yetib kelganligini ko‘rsatadi. @teacherazam

13,400 views

Editum Mar 29

Eronning kuchi nimada? Eron Yaqin Sharqda juda katta o‘ringa ega, buni hammamiz bilamiz. Ammo u o‘zining mintaqadagi raqobatchilari (Saudiya Arabistoni, Isroil, BAA) bilan solishtirganda aslida qanday ahvolda? 🇮🇷 Raqamlarga qarasak, juda qiziq bir ziddiyat (paradoks)ni ko‘ramiz: Eron aholisi, neft zaxirasi va armiyasi soni bo‘yicha mintaqada “gigant” hisoblanadi. Lekin gap xalqning boyligi (jon boshiga daromad) va mudofaa uchun sarflanadigan pullarga kelganda, u qo‘shnilaridan ancha ortda qoladi. Keling, buning sabablarini chuqurroq tahlil qilamiz. 1️⃣ Katta aholi, ammo past daromad Eronda 93,2 million aholi yashaydi. Bu butun Yaqin Sharqdagi eng yirik ko‘rsatkichlardan biri (O‘zbekiston aholisidan qariyb 2,5 barobar ko‘p). Mamlakatning umumiy iqtisodiyoti (YaIM) 356 milliard dollarni tashkil qilsa-da, uni aholi soniga bo‘lganimizda (jon boshiga YaIM) har bir eronlikka yillik o‘rtacha atigi 4000 dollar to‘g‘ri keladi. Taqqoslash uchun: Isroil yoki Qatarda bu ko‘rsatkich o‘nlab baravar yuqori. Nima uchun bunday? Asosiy sabab — o‘nlab yillar davom etayotgan qattiq xalqaro sanksiyalar. Eron iqtisodiyoti jahon moliya tizimidan (SWIFT) uzib qo‘yilgan. Xorijiy investorlar bu mamlakatga pul tikishdan qo‘rqadi. Milliy valyuta (rial) qadrsizlanib ketgan va giperinflyatsiya xalqning xarid qobiliyatini cheklab qo‘ygan. Katta aholi aslida kuchli iqtisodiy dvigatel bo‘lishi kerak edi, lekin izolyatsiya sababli bu potensial amalga oshmayapti. 2️⃣ Neft ummoni ustidagi izolyatsiya Eron yer osti boyliklari, xususan, neft zaxiralari bo‘yicha (208,6 milliard barrel) faqatgina Saudiya Arabistonidan ortda qoladi. Kuniga 4,6 million barrel neft qazib oladi. Nima uchun bu pullar iqtisodiyotni o‘stirmayapti? Sanksiyalar tufayli Eron o‘z neftini jahon bozorida erkin, ochiq narxlarda sota olmaydi. Uning asosiy va yagona yirik xaridori — Xitoy. Xitoy Eron neftini katta chegirmalar (arzon narxlarda) va maxfiy yo‘llar (“xufiyona flot” tankerlari) orqali sotib oladi. Bu esa Eronga boyib ketishga emas, balki shunchaki iqtisodiyotini “jon saqlash” rejimida ushlab turishga yetadi, xolos. 3️⃣ Katta armiya vs. Kam xarajat Eron Yaqin Sharqdagi eng katta muntazam armiyaga ega: 610 000 nafar askar (Saudiya Arabistonidan ikki barobar ko‘p). Biroq, qiziq tomoni shundaki, Eron armiya uchun yiliga bor-yo‘g‘i 7,9 milliard dollar sarflaydi. Saudiya Arabistoni yoki Isroil mudofaasi uchun bundan o‘nlab baravar ko‘p pul ishlatadi. Nima uchun Eronning harbiy byudjeti bunchalik kichik? Isroil yoki Saudiya Arabistoni AQShdan eng zamonaviy, qimmatbaho qiruvchi samolyotlar va havo hujumidan mudofaa tizimlarini (masalan, “Temir gumbaz”) sotib oladi. Eron esa sanksiyalar sabab bunday qimmat texnikalarni sotib ololmaydi. Shuning uchun Eron “asimmetrik urush” taktikasi (ya’ni arzon, ammo dushmanga katta zarar keltira oladigan usullar)ni tanlagan. Ular qimmat samolyotlar o‘rniga o‘zlari arzon dronlar (Shahed) va ballistik raketalar ishlab chiqaradi. Shuningdek, pulni bevosita o‘z armiyasiga emas, balki mintaqadagi ishonchli guruhlarga (Livandagi “Hizbulloh”, Yamandagi husiylar) tikadi. Bu ularga kam harajat evaziga mintaqada o‘z ta’sir doirasini ushlab turish imkonini beradi. 🔢 Eronning kuchi uning texnologik ustunligida yoki iqtisodiy boyligida emas, balki uning bahaybat geografik ko‘lami, inson resurslari va dushmanga har qanday holatda ham javob qaytara olishga qaratilgan “arzon va samarali” harbiy strategiyasida yotadi. @teacherazam

11,900 views

Editum Mar 28

Ruminiya fojiasi: Taqiqlangan abortlar qanday qilib o‘n minglab ayollarning yostig‘ini quritgan? 🇷🇴 1965-yildan 1985-yilgacha bo‘lgan davrda butun Yevropa bo‘ylab tibbiyot rivojlanib, onalar o‘limi keskin kamayib borayotgan edi. Faqat bitta davlat — Ruminiyadan tashqari. Bu davlatda tug‘ruq va homiladorlik bilan bog‘liq onalar o‘limi naqd 150 foizga oshib ketdi! Nima uchun bunday bo‘ldi? Asl sabab nima edi? Buni tushunish uchun avval tarixga, kommunistik Ruminiyaning o‘ziga xos sharoitiga nazar tashlashimiz kerak. 1950-yillarda Ruminiyada homiladorlikdan saqlanish vositalari (kontratsepsiya) deyarli yo‘q edi. Shu sababli bolani rejalashtirishning yagona va qonuniy usuli faqat tibbiy abort bo‘lib qolgandi. Ayollar istalmagan homiladan qutulish uchun ommaviy ravishda kasalxonalarga borishardi. 🔼 Biroq 1965-yilda iqtidonga diktator Nikolae Chaushesku keldi. Uning maqsadi Ruminiyani ulkan sanoat va iqtisodiyot gigantiga aylantirish edi. Buning uchun esa unga juda ko‘p ishchi kuchi — zavodlarda ishlaydigan millionlab odamlar kerak edi. 1966-yilda u “770-dekret”ni imzoladi. Unga ko‘ra, mamlakatda abort qilish va homiladorlikning oldini oluvchi har qanday vositalardan foydalanish qat’iyan taqiqlandi. Diktatorning mantig‘i oddiy edi: “Homila — bu butun jamiyatning mulki. Farzand ko‘rishdan bosh tortgan odam millat davomiyligiga xiyonat qilgan qochoqdir”. Abortga faqatgina ayol 45 yoshdan oshgan bo‘lsa yoki 5 ta bolasi bo‘lsagina ruxsat berilardi. 👩‍⚕️ Tarixda iz qoldirgan dahshatli fakt shundaki, davlat ayollarning tanasini to‘liq nazoratga oldi. Korxona va fabrikalarda maxsus tibbiy xodimlar (“hayz politsiyasi” deb atalgan) ayollarni har oy majburiy ginekologik ko‘rikdan o‘tkazar, ularning homilador bo‘lgan-bo‘lmaganini tekshirib borardi. Agar homiladorlik qayd etilsa-yu, keyin bola tug‘ilmasa, ayol jinoiy javobgarlikka tortilardi. Hatto farzandsiz oilalarga maxsus yuqori soliqlar solingan. Boshida qonun ishladi, bir yil ichida tug‘ilish deyarli ikki baravar oshdi. Ammo ayollar istalmagan yoki boqishga qurbi yetmaydigan bolalarni tug‘ishni xohlashmasdi. Qonuniy tibbiy yordam yopilgach, ayollar yashirin, o‘ta xavfli usullarga o‘tishdi. 😷 Uy sharoitida, hech qanday tibbiy ma’lumotga ega bo‘lmagan shaxslar (qassoblar, sartaroshlar) tomonidan, steril bo‘lmagan simlar, zaharli moddalar yordamida qilingan yashirin abortlar ommalashdi. Natijada o‘n minglab ayollar qon ketishi va og‘ir infeksiyalar tufayli jon berdi. Ular qamalishdan qo‘rqib, kasalxonaga eng so‘nggi, o‘lim yoqasida turgan lahzadagina borishardi, shunda ham shifokorlar politsiya kelmaguncha ularga yordam bermasdi. 20 yildan ortiq vaqt ichida taqiq qilingan abortlar oqibatida 10 000 dan ortiq ayol qurbon bo‘ldi. Chausheskuning bu siyosati yana bir mudhish oqibatni keltirib chiqardi: ota-onasi boqishga qiynalgan, istalmay dunyoga kelgan millionlab bolalar davlat mehribonlik uylariga topshirildi. U yerdagi dahshatli, och-nahor sharoitlarda katta bo‘lgan avlod tarixga “Dekret bolalari” nomi bilan kirdi. ⚔️ Tarixning eng katta istehzosi shunda ediki, aynan 1967-yilda tug‘ilgan, butun umri qiyinchilik va nazorat ostida o‘tgan o‘sha “Dekret bolalari” 1989-yildagi inqilobning asosiy harakatlantiruvchi kuchi bo‘lishdi. Ular diktator Chausheskuni taxtdan ag‘darib, uni otishga hukm qilishdi. Diktator o‘lgan kunning ertasigayoq abortga qo‘yilgan taqiq bekor qilindi va onalar o‘limi darhol keskin tushib ketdi. Bugungi kunda dunyo ayollarining 40 foizi abort qisman yoki to‘liq taqiqlangan davlatlarda yashaydi. Ammo Ruminiya tajribasi abortni taqiqlash abortlarni to‘xtatmasligi, u faqatgina xavfsiz abortlarni to‘xtatib, ayollarni o‘limga mahkum qilishini ko‘rsatadi. Hozir ham dunyo bo‘ylab har yili 23 000 ayol xavfsiz bo‘lmagan yashirin abortlar oqibatida vafot etadi. Manba @teacherazam👆

11,900 views
12•••45678•••10•••15•••20•••25•••30•••35•••40•••45•••50•••55•••60•••65•••70•••75•••80•••8485